Sport | 14:24 / 20.06.2017
27604
3 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan jurnalistlar bilan uchrashuvga kelmaydi

21 iyun kuni Xalqaro press-klubda sport mavzusida, O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylari va O‘FF rahbariyati ishtirokida jurnalistlar bilan uchrashuv tashkillashtiriladi.

Lekin ushbu uchrashuvda O‘FFdan kimlar ishtirok etishi ma'lum emas.

Championat.asia ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Konfederatsiyalar kubogi o‘yinlarini tomosha qilish uchun Rossiyaga yo‘l olgan.  Babayan Konfederatsiyalar kubogiga qay maqsadda borgani ma'lum emas. Uning ayni vaqtda Rossiyadaligi jurnalistlar bilan uchrashuvga kela olmasligini ko‘rsatadi. Holbuki, anjumanda ishtirok etadigan jurnalistlarda murabbiyga savollar yig‘ilib qolgandi.

Qolaversa, jurnalistlar bilan uchrashuvda hozirda O‘FF prezidenti hisoblanadigan Mirabror Usmonov ham ishtirok etishi savol ostida.

Endi bu savollarga kimlar javob berishi ham mavhumligicha qolmoqda - Xalqaro press-klub anjumanga aynan kimlar kelishini ma'lum qilmagan.

Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2018 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik davrida qabul qilib olgandi. Uning boshqaruvidagi jamoa saralash o‘yinlarining yakuniy bosqichida 8ta o‘yin o‘tkazib, 4 mag‘lubiyat qayd etdi - terma jamoa hozirda 12 ochko bilan guruhda uchinchi o‘rindan joy egallab turibdi, bu o‘rin mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani taqdim etmaydi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston terma jamoasi bilan bir guruhdagi 3ta terma jamoa uchinchi bosqich davomida murabbiyni ishdan bo‘shatdi, avvaliga Xitoy, keyin Qatar va Janubiy Koreya terma jamoalarida murabbiylar iste'foga chiqdi, guruhning beshinchi vakili Eron esa jahon chempionati yo‘llanmasini O‘zbekistonni mag‘lub qilgan holda muddatidan oldin qo‘lga kiritdi va Karlos Keyrush lavozimida qoldi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi esa Samvel Babayan qolgan o‘yinlarda ham terma jamoani boshqarishi xususida bayonot berdi.

Mavzuga oid