O‘zbekiston | 23:02 / 28.06.2017
40237
3 daqiqa o‘qiladi

Hisoblagichlar bo‘yicha "arra qilish" tizimiga chek qo‘yilmoqda...

Bugungi kunda O‘zbekistonda 6 milliondan ortiq elektr energiyasi iste'molchilari, 3 milliondan ortiq gaz iste'molchilari bor. Shunday bo‘lsa-da, bularning elektr energiyasida 4,5 milliondan ortig‘ida elektron hisoblagichlar o‘rnatilgan, 1,5 millionida - induksion hisoblagichlar (eski hisoblagichlar). Gaz sohasida esa ahvol bundan-da nochor: aksariyat qismida hisoblagichlar qo‘yilmagan desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Bekzod Mavlonov Xalqaro Press-klubning iste'molchi va to‘lov madaniyatiga bag‘ishlangan sessiyasida shunday ma'lumotlar bilan bo‘lishdi. "Kun.uz" muxbiri shu haqida xabar beradi. 

"Hozir javobgarlik masalasida juda qattiq choralar ko‘rilmoqda. Bu nimaga qaratilgan? Hisoblagich uchun asosiy mas'uliyat har bir iste'molchining o‘zida bo‘ladi. Agar unga biror shikast yetkazilsa yoki qanday qilibdir buziladigan bo‘lsa, asosiy javobgarlik iste'molchining o‘zida, ma'muriy-jinoiy javobgarlik! 

Hisoblagichni o‘zgartirishda unga biror shaxs yordam bergan taqdirda, ularning hammasi - nafaqat nazoratchining o‘zi, balki iste'molchi, xonadon egasi yoki yuridik shaxs bo‘lsa ham birdek javobgarlikka tortiladi. 

Yana bir masala - avtomatlashtirilgan tizimga o‘tish masalasi bo‘yicha ham katta ishlar olib borilmoqda. Tarmoqlarni yangilash bilan birga avtomatlashtirish tizimi ustida ishlanmoqda. Bu tizimning mohiyati nimada? U masofadan turib boshqariladi. Masofadan turib, har bir tarmoqqa noqonuniy aralashuv holati avtomatik ravishda mas'ul idoralarda ko‘rinadi", - deydi mutaxassis. 

Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, bugungi kunda sohaga kirib kelayotgan har bir xodimdan tilxat olinmoqda. Unda xodimning faqat qonunga muvofiq ishlashi, uning buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi aks etadi. 

"Oddiy tuman inspektori, ochiq aytadigan bo‘lsak, 2,5 million so‘mdan ortiq ish haqi oladi. Hozir xodimlar uchun hatto transport, uy-joy masalalari ham hal qilinmoqda, ya'ni halol ishlash uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Reyting tizimiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, sohaga kelgan xodim bilan 6 oy muddatga mehnat shartnomasi tuziladi va shu muddatda tushumni, ya'ni iste'molchilardan yig‘iladigan to‘lov miqdorini 80 foizdan ortiq tushirmaslik kerak. Har bir xodimga Reyting tizimi asosida 100 ballgacha bo‘lgan ball beriladi. Bundan maqsad - har bir xodimning o‘z mehnati samarasini ko‘rishi uchun intilib ishlashi", - deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi Mavlonov. 

Mavzuga oid