O‘zbekiston | 14:38 / 29.06.2017
49249
7 daqiqa o‘qiladi

«Shishirilgan ishonch» - «Chiroqlari singan press-klub»dagi tomosha voqeasi

Ruslarda bir serial bor: «Ulitsa razbityx fonarey». O‘zbekchaga «Chiroqlari singan ko‘cha», deb o‘girsak bo‘ladi. Juda uzun bu serialning faqat nomi yoqadi. Yaqinda shu serial nomiga mos bo‘lgan bir tadbirda qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldik. Kazo-kazo va hokazolar qatnashgan tadbirda. Qorong‘u, xuddi sham yoritib turganday romantik xonada kechdi bu tadbir. Ha, gap Xalqaro Press-klubning sportga bag‘ishlangan soni haqida ketmoqda.

XOMXAYoL
Bu tadbir nomigagina sportga bag‘ishlanishi, asosiy masala futbol haqida bo‘lishini kutgan edi ko‘pchilik. Ayniqsa Tehrondagi sharmandalikdan keyin. Lekin bu shunchaki xomxayol bo‘lib chiqdi. Millionlab odamlarning ovunchog‘iga aylangan futbolga shu kecha ot sporti, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va ayollar sporti kabi juda ko‘p mavzular orasida birrovga nazar tashlandi, xolos. Yetmaganiga, jonli efirda ketishi iddao qilingan bu «spektakl» boshlanishidan oldin qatnashuvchilarga eslatib qo‘yildiki, biz bu yerga kimnidir qoralash uchun emas, yurtimizda sportning qanchalik ravnaq topayotgani haqida gaplashish uchun yig‘ilgan ekanmiz. Bu eslatma ko‘pchilikning «tarvuzini qo‘ltig‘idan tushurib yubordi». Tadbirga Olimpiada chempionlari va sovrindorlari, taniqli sportchilar ham taklif etildi. Xuddiki, biz ularning borligini bilmaydiganday. Bir kun oldin futboldagi vaziyatning ayanchli ekani haqida gapirgan yulduzlar shu kecha umuman boshqa narsalar haqida gapirishdi. Ularni shu haqda gapirtirishdi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda ularning aybi yo‘q. Aslida bu sportchilar barchasini sport musobaqalarida isbotlab bo‘lishgan. Bu kecha boshqa narsalar isbotlanishi kerak edi ko‘m-ko‘k chiroqlar yonib turgan romantik xonada…

ShIShIRILGAN IShONCh

Sherzod Qudratxo‘jayev. Foto: Offsayd.uz

Tadbir tashkilotchilari uzundan-uzoq nutqlardan keyin nihoyat futbol mavzusiga o‘tishganda, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullayevga o‘ziga xos tuhfa taqdim qilishdi. Ularning aytishicha, muxlislar tomonidan yuborilgan va «Ishonch» so‘zi yozilgan shar federatsiya vakiliga berildi. Emishki, shu orqali futbolchilarga muxlislarning ishonchi yetkazilibdi.

Foto: Offsayd.uz

Tashkilotchilar o‘zlari bilibmi, bilmaymi zo‘r sovg‘a berishdi. Shar bu – o‘zi kichkina, lekin havo bilan to‘ldirilganda katta ko‘rinadigan narsa. O‘zbekchasiga aytsak, pufak. Ya'ni, puflangan, shishirilgan, bo‘rttirilgan. Aslida muxlislarning ham bugungi futbolimizga bo‘lgan ishonchlari mana shunday sharga o‘xshaydi. Aslida ishonch juda kichkina, lekin telekanallarda, nomi tantanavor, matbuot do‘konlarida sotilmaydigan, majburan obunachilarga tarqatiladigan gazetalarda bu ishonch shishirib ko‘rsatiladi.

HAMMASI YaXShI, JUDA YaXShI

Foto: Offsayd.uz

Nimagadir bizda matbuot anjumanlari, konferensiyalar mutasaddilar bilan qandaydir muammoni hal qilish borasida o‘tkazilmaydi. Bunday tadbirlar albatta tantanavor ruhda o‘tishi kerak. Buning ustiga davlat telekanalida ko‘rsatilayotgan bo‘lsa. Juda ko‘p marotaba Rio Olimpiadasi eslandi. U yerdagi medallar soni, bizning umumjamoa hisobida nechinchi o‘rinni egallaganimiz ko‘p ta'kidlandi. Axir biz yutuqlardan sarmast bo‘lish uchun emas, kamchiliklarni muhokama qilish uchun yig‘ilgandik-ku?! Bunaqa qo‘lga kiritib bo‘lgan natijalarimizni eslab, bir-birimizni maqtab o‘tiradigan bo‘lsak, o‘sish bo‘ladimi? E'tibor bering, bizda biznes rivojlanib ketdi. Bu sohadagilar yaxshi yashashmoqda. Mehnatlarining samarasi o‘laroq, albatta. Chunki ular Asakadagi mashina zavodi bilan faxrlanishdan tashqari kelajakdagi rejalari xususida ham o‘ylashmoqda. Futbolda esa biz hamon 1994 yildagi g‘alabani eslab yuramiz. Shu sabab oldinga siljish yo‘q. Endi boshqa sport turlaridagi natijalarni ham futboldagi kamchiliklarni xaspo‘shlash uchun ishlatishmoqda. Bu endi insofdan emas. Biz qanchalik ko‘p paxta yetishtirmaylik paxtadan non qilib bo‘lmaydi. Bu uchun bug‘doy kerak. Sportning ham shunga o‘xshash turlari bor. Boks bo‘yicha mingta chempion chiqarmaylik bu muxlislar uchun bitta futbol bo‘yicha milliy terma jamoa bergan zavqni bera olmaydi. Biz boshqa sportdagi yutuqlarni inkor qilmagan holda futbolimizdagi muammolar haqida gaplashmoqchi edik, lekin har burchakdan bir xil gaplar chiqaverdi: hammasi yaxshi, hammasi yaxshi…

Ahrol Inoyatov. Foto: Offsayd.uz

SINGAN ChIROQLAR
Eng boshidagi singan chiroqlar haqidagi gaplarga qaytsak. Bu uchrashuv juda yorug‘ o‘tishi mumkin edi, o‘sha ko‘k chiroqlar miltillab turgan romantik xona chinakam triller maydonida aylanishi mumkin edi AGAR… Barchasi to‘g‘ri tashkillashtirilganida! Oddiy misol, o‘zbek futbolini yoritadigan eng katta internet sayt http://Championat.asia  rahbari Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev so‘z so‘rab qo‘li og‘rib ketdi, lekin unga navbat berishmadi. Diyor Imomxo‘jayevdan qanchalik qo‘rqishlarini, unga qanday nafrat bilan qarashlarini o‘sha yerda ko‘rdik. Sababi - to‘g‘ri gapni gapirishi, maddohlik qilmasligi va kattalarni ko‘rganda qulluq qilmasligi. So‘z ko‘pincha «Davlatniki» degan vahimali nomi bor OAV xodimlariga berildi. Asosiy vaqt ot zavodlari, sport kiyimlari, jismoniy tarbiya darslari haqidagi gaplarga ketmaganida Babayan nima uchun Rossiyaga ketib qolgani, Lobanov qachongacha terma jamoada o‘ynashi, nima uchun muxlislar fikri eshitilmasligining sababini bilib olgan bo‘larmidik. Biroq endi bularning hech birini bilolmaymiz, ular qorong‘uda sirligicha qolib ketdi. Chunki o‘sha kecha chiroqlar singan edi…

O‘tkir JALOLXONOV

Mavzuga oid