O‘zbekiston | 17:52 / 30.06.2017
13848
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari federatsiyasi prezidenti O‘zbekistonga keldi

Poytaxtda O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining xalqaro hamkorligi mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi prezidenti T.Konoye, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati raisi H.Karimov va boshqalar O‘zbekistonda aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish, salomatligini muhofazalash, tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirish, turli favqulodda vaziyatlarda tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilayotgani samarasida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining xalqaro aloqalari ko‘lami kengayib borayotganini ta'kidladi. Bugun jamiyatning hududiy va temir yo‘l mintaqaviy tashkilotlari, 191 tuman bo‘linmalari hamda 2 yarim mingta boshlang‘ich tashkilotlarida 1 million 300 mingdan ortiq a'zo va 38 ming ko‘ngillilar bor. "Mehr-shafqat" xizmatidagi 200 ga yaqin patronaj hamshiralari har yili uch yarim ming yakka-yolg‘iz qariyalar va nogironlarga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining tibbiy-ijtimoiy faoliyatni targ‘ib qilish, aholining sanitariyaga oid bilimlarini yuksaltirish, ularda birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasini mustahkamlash, yuqumli kasalliklar profilaktikasi borasida tushuntirish ishlari olib borish, kam ta'minlangan oilalarga ko‘maklashish, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishlaridagi faoliyatini ijobiy baholamoqda. Jamiyat "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi ijrosi doirasida joriy yilda 2 mingdan ortiq keksa otaxon va onaxonlarni patronaj xizmati bilan qamrab olmoqda. Bu maqsadlar uchun 123 million so‘m sarflanadi. Bundan tashqari, ambulator sharoitda davolanayotgan 4 mingdan ortiq qariyalar va nogironlar 100 million so‘mlik dori-darmon vositalari bilan ta'minlanadi. 

O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati 1995 yilda Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi a'zoligiga qabul qilingan. 

Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi prezidenti Tadateru Konoye 29 iyun kuni O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati faoliyati bilan tanishish maqsadida mamlakatga keldi. Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash, Favqulodda vaziyatlar vazirliklarida uchrashuvlar o‘tkazdi. Mehmon poytaxtdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi eksponatlari bilan tanishdi. 

Tadbirda Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi bilan hamkorlik holati, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan yirik loyihalar va istiqboldagi vazifalar xususida ma'lumot berildi. 

Mavzuga oid