O‘zbekiston | 00:16 / 01.07.2017
19478
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” Toshkent-Urganch yo‘nalishida chipta sotib olish bo‘yicha bildirilgan e'tirozga javob qaytardi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Narimmat Yo‘ldoshev o‘z sahifasida joriy yilning 24-25 iyun kunlari Toshkent-Urganch yo‘nalishida chipta sotib olish bo‘yicha bildirgan e'tiroz va mulohazalari “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati ma'muriyati tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi va O‘zbekiston temir yo‘llari saytida shu holat bo‘yicha ma'lumot berildi:

"Ma'lumki, 2017 yil 26 iyun kuni mamlakatimizda “Ramazon hayiti kuni” deb e'lon qilindi va dam olish kuni etib belgilandi. Shu munosabat bilan bayram oldi viloyatga ketuvchi yo‘lovchilar soni bir muncha ortdi. Natijada, 24-25 iyun kunlari “Toshkent-Urganch” yo‘nalishida harakatlanadigan poyezdlarning chiptalari harakat kunidan oldin to‘liq sotib tugatildi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 27 iyun kuni viloyatlardan Toshkent shahriga keluvchi yo‘lovchilarni joy bilan ta'minlash maqsadida 26 iyun kuni jo‘naydigan 58-sonli “Toshkent-Shovot” poyezdiga qo‘shimcha 6 ta “plaskart” vagonlari ulandi. Mazkur vagonlar 21-23 iyun kunlari yo‘nalish harakati tarkibiga kiritildi.

Aniqlanishicha, 26 iyun kuni jo‘naydigan 58-sonli “Toshkent-Shovot” poyezdining qo‘shimcha ulangan 6 ta vagoniga umumiy 31 ta chipta sotilib, shundan 21 ta chipta “Toshkent-Navoiy-Uchquduq-Urganch” yo‘nalishlari bo‘yicha, 5 ta chipta “Jizzax-Urganch” yo‘nalishi bo‘yicha va 5 ta chipta “Samarqand-Urganch” yo‘nalishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan. 

Facebook foydalanuvchisi Narimmat Yo‘ldoshev postida keltirilgan chipta sotuvchining muomalasi va navbatchining mas'uliyatsizligi bo‘yicha bildirilgan fikrlar ham chiptaxonalarda o‘rnatilgan video kameralar orqali o‘rganilib, tahlil qilindi. Holat postda keltirilgan fikrlar kabi o‘ta keskin bo‘lmasa-da, xodimlarga nisbatan qat'iy intizomiy choralar ko‘rildi.

Hozirgi kunda aholiga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirish, ishlarni yanada takomillashtirish, yo‘lovchilarning taklif va mulohazalarini o‘rganish maqsadida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktorining virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda. Hurmatli yo‘lovchilar, barcha murojatlaringizni uzrailpass.uz veb-sayti orqali virtual qabulxonaga yo‘llashingiz mumkin".

Mavzuga oid