O‘zbekiston | 16:15 / 05.07.2017
150662
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik 9-sinf o‘quvchilari o‘qishni qayerda davom ettirishi haqida rasmiy axborot berdi

Foto: Islam-Today

9-sinf o‘quvchilari kollej, litsey yoki 11 yillik maktabni o‘z xohishiga ko‘ra tanlaydi. Bu haqda Xalq ta'lim vazirligining rasmiy axborotida ma'lum qilingan.

«Joriy o‘quv yilida 9-sinfni bitirgan o‘quvchilar ota-onalari va o‘zlarining xohishlariga ko‘ra ongli ravishda kasb-hunar kolleji, akademik litsey yoki o‘zlari ta'lim olgan maktablarda majburiy ta'limni davom ettiradilar», — deyiladi vazirlik axborotida.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning bir qator kasb-hunar kolleji va akademik litseyida 9-sinf bitiruvchilaridan hujjat qabul qilish to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Iyul oyi boshida respublikadagi barcha litsey va kollejlarda hujjat qabul qilish boshlanishi ma'lum qilindi.

O‘zbekiston xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov 11 yillik ta'lim O‘zbekistonning ba'zi maktablarida eksperiment tarzida qayta tiklanishi, 20 kun ichida hukumat tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi haqida ma'lumot bergandi.

XTV rahbari o‘rinbosari eksperiment natijalari sinchiklab o‘rganilishi va tahlil qilinishi, maktab o‘quvchilari ta'limni xohlasa maktabda, xohlasa kollej yoki litseyda davom ettirishi mumkin bo‘lishi haqida aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid