Jahon | 23:14 / 06.07.2017
13182
2 daqiqa o‘qiladi

Merkel G20’da Putin va Tramp o‘rtasida vositachilik qilishdan bosh tortdi

Foto: Silas Stein / DPA / Globallookpress.com

Germaniya kansleri Angela Merkel Gamburgda o‘tadigan "Katta yigirmatalik" sammitida Rossiya va AQSh prezidenti Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida vositachilik qilishdan bosh tortdi. U bu haqda 6 iyulda jurnalistlarga ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.    

Merkel bu Ukrainadagi vaziyatni tartibga solishga taalluqligini ham aytdi. "Bizda aniq pozitsiya mavjud", deb aytgan Merkel. Uning ta'kidlashicha, normand to‘rtligi (Germaniya, Rossiya, Ukraina, Fransiya) AQSh bilan birgalikda ushbu masalaning yechimini topishga harakat qilmoqda.

"Men o‘z vazifamni vositachilikda emas, balki muammoni hal qilishga ulushimni qo‘shishda ko‘raman va bunday ulush aynan normand formati hisoblanadi", deb aytgan Merkel.

Putin va Tramp Gamburgda 7 iyulda uchrashadilar. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bu to‘laqonli muzokaralar bo‘ladi.

Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov ma'lum qilganidek, ikki yetakchi muhokama qiladigan mavzular orasida Ukrainadagi inqiroz, Suriyadagi vaziyatni hal qilish va qurol-aslaha ustidan nazorat muammosi bo‘lishi mumkin.

Sammitning o‘zi esa 7-8 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid