Jamiyat | 14:54 / 08.07.2017
23303
2 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi uy devori ichidan 13 yil mobaynida xonadon egalarini bezovta qilgan budilnik topildi

Amerikaning Pensilvaniya shtati, Ross shahridagi uy devori ichida 13 yildan beri har kuni qo‘ng‘iroq chaluvchi elektron budilnik topildi. Bu haqida CBS xabar beradi. 

Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, 2004 yilda uy egasi devorning aynan qaysi burchagida televizor antennasiga olib boruvchi kabel o‘tishini aniqlashga qaror qiladi. Buning uchun budilnikni olib, uni quvur bo‘ylab arqonda tushirishga urinadi. Biroq qurilmani tasodifan tushirib yuboradi. Shundan beri, har kuni tonggi 06:50 da devordan qo‘ng‘iroq chalib, uy egalariga tinchlik bermay keldi. 

Iyun oyida mahalliy OAV odamlarni 10 yildan ko‘p vaqt davomida bezovta qilib kelayotgan budilnik haqida reportaj namoyish etishdi. Isitish tizimini o‘rnatuvchi kompaniya xodimlari buni ko‘rgach, uy egalariga yordam berishga qaror qilishdi. 

Kameralar yordamida qurilma qayerda joylashganini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Shundan so‘ng, budilnikni devordagi teshik orqali olib chiqishdi. Donali batareyka 13 yil davomida oksidlanishiga qaramay, ishlashda davom etgan.

Mavzuga oid