Jahon | 10:20 / 09.07.2017
37812
2 daqiqa o‘qiladi

Merkel Ivanka Tramp otasi o‘rnini egallashiga munosabat bildirdi

© AFP 2017 / Brendan Smialowski

Germaniya kansleri Angela Merkel AQSh prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka «Katta yigirmatalik» sammiti marosimlaridan biri vaqtida otasi o‘rnini egallaganiga munosabat bildirdi.

«Ivanka Tramp — AQSh delegatsiyasi a'zosi. U Oq uyda ishlaydi va bir qator tashabbuslarga javobgar hisoblanadi», — degan kansler. U bunday holat boshqa delegatsiyalarda ham kuzatilishi mumkinligi, bu tartiblarga zid emasligini qo‘shimcha qilgan.

8 iyul kuni Rossiyaning G20’dagi vakillaridan biri Svetlana Lukash o‘z tvitterida Ivanka Tramp sammit vaqtida Afrika, migratsiya va sog‘liqni saqlash masalalari muhokama qilingan uchrashuvda otasi o‘rnini egallagani haqida yozdi. «Ivanka Trampga hamrohlik qildi va u o‘rnidan turib ketganida, otasining joyiga o‘tirdi», — deb yozgandi Lukash o‘z tvitterida.

Ivanka Tramp — prezident Trampning chexoslovakiyalik sportchi va fotomodel Ivana Zelnichkova bilan nikohidan tug‘ilgan to‘ng‘ich qizi hisoblanadi. Otasi davlat rahbari lavozimiga saylangach, u jamoatchilik asosida uning yordamchisi bo‘lib ishlamoqda. Bir qator siyosatchilarning fikricha, u otasi va umuman, Oq uy siyosatiga ulkan ta'sir o‘tkazib kelmoqda. Uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner Trampning maslahatchisi lavozimida. Ivanka va Jared prezident ma'muriyati a'zolari sifatida maosh olishmaydi.

Donald Trampning o‘zi ham bir necha bor qizi bilan juda faxrlanishini aytib o‘tgan. Kunlarning birida, agar Ivanka uning qizi bo‘lmaganida, qiz qaytaga osonroq ishlagan bo‘lardi, deb hazilomuz ohangda iqror bo‘lgan.

Mavzuga oid