Jamiyat | 19:03 / 10.07.2017
15548
7 daqiqa o‘qiladi

Shayxontohur tumanida namunali oilaviy poliklinika tashkil qilindi

Davlat rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxt tumanlariga tashrif buyurganda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. Xususan, davlat rahbari Shayxontohur tumanida bo‘lganda aholiga malakali tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish bo‘yicha namunali oilaviy poliklinikani aynan shu tumanda tashkil etish taklifini kiritgan edi. 

Sog‘liqni saqlash  vazirligi axborot  xizmatining xabar berishicha, ushbu tashabbus soha mutasaddi xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda darhol qo‘shma reja ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi. Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika faoliyati tahliliy o‘rganildi va mazkur maqsad uchun tanlandi. 

Poliklinika Chaqar, Chorsu, Qoratosh, Gulbozor mahallalarini qamrab olgan bo‘lib, 26 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, hududda joylashgan uchta maktab, bitta kollej va to‘rtta bog‘chaga ham 47-oilaviy poliklinika birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatadi. Ushbu vazifani poliklinikada faoliyat yuritayotgan kardiolog, endokrinolog, ginekolog, nevropatolog, okulist, otolaringolog, stomatolog kabi tor mutaxassislar hamda 15 nafar umumiy amaliyot shifokori va 32 nafar patronaj hamshira sidqidildan bajarib kelmoqda. Bundan tashqari, poliklinika zamonaviy tibbiy texnikalar, xususan, UTT, EKG, rentgen apparatlari bilan jihozlangan. 

Prezident topshirig‘idan so‘ng, qisqa vaqt ichida poliklinika faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, tubdan isloh qilindi. Bunda asosiy e'tibor aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samarasini yanada yaxshilash, shifokor qabuliga kirish uchun navbatlarni qisqartirish, kasalliklarni erta aniqlash va patronaj ishlarini o‘z vaqtida maqsadli olib borish, shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmatini samarali tashkil etishga qaratildi. 

Ayni damda Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika faoliyati havas qilsa arzirli darajaga yetgan. Tibbiyot muassasasiga kirishdanoq poliklinika faoliyatining asosiy mezoni xalq roziligi ekanini anglash mumkin. 

Poliklinikaga tashrif buyuruvchi e'tibori avvalo kirishda osilgan o‘ziga xos ranglardagi ma'lumotlar taxtasiga tushishi tayin. Aynan ushbu ma'lumotlar orqali qaysi ixtisoslikdagi shifokor nechanchi xonada qabul qilishi, ish vaqti va qabul kunlari bilan tanishish mumkin. Shuningdek, har bir xonadonga quyidagi ma'lumotlarni o‘zida jamlagan tashrif qog‘ozlari tarqatildi:

•  aholi o‘z fikr va takliflarini bildirishi uchun oilaviy poliklinika bosh shifokorining telefon raqamlari;
•  bemorlarni oldindan shifokor qabuliga yozilishlarini qayd etish telefon raqami;
•  aholi bilan hudud shifokori va oila hamshiralari bilan uzviylikni yanada yaxshilash maqsadida ularning telefon raqamlari;
•  103 tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida ularning telefon raqamlari ko‘rsatib o‘tilgan.

E'tiborli tomoni, tashrif qog‘ozida shifokor va hamshiralar surati ham bo‘lib, bu fuqarolar uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Tan olish kerak, ilgari ba'zi fuqarolar o‘z oilaviy shifokori yoki hamshirasini tanimasdi. Endilikda, mutaxassislarning telefon raqamlari suratlari bilan birga tarqatilib, aholi va tibbiyot xodimi orasidagi aloqa mustahkamlanmoqda.

Poliklinikaga, odatda, rejali tarzda va shoshilinch holatlarda murojaat qilinadi. Poytaxtdagi 47-oilaviy poliklinikada har ikki holatda ham bemorga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Agar bemor rejali tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqchi bo‘lsa, shifokor qabuliga oldindan yozilishi mumkin. Buni ikki xil usulda amalga oshirish mumkin: telefon orqali va uydan chiqmagan holda, elektron tarzda.

Yana bir qulaylik, bemor shifokor qabuliga oldindan navbat olmay kelgan bo‘lsa, poliklinikaning o‘zida elektron tarzda navbatda turadi. Buning uchun har bir tashrif buyuruvchi maxsus o‘rnatilgan qurilma orqali o‘z tartib raqamini olib, monitorda navbati qachon kelishini kuzatib borishi mumkin. Kutish vaqtini foydali tashkil qilish ham e'tibordan chetda qolmadi. Ya'ni poliklinika hududida wi-fi zona tashkil etilgan bo‘lib, navbatini kutayotgan fuqaro bepul internet orqali salomatlikka doir foydali ma'lumotlar bilan tanishib boradi. 

Shoshilinch holatlarda esa, murojaat tushgan xonadonga zudlik bilan yetib borish uchun poliklinika qoshida tez tibbiy yordam podstansiyasi va unga biriktirilgan maxsus avtomoshina xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu podstansiyaning poliklinika qoshida tashkil etilishi bejiz emas. Bundan ko‘zlangan maqsad – tez tibbiy yordam chaqirilganda masofa bilan bog‘liq muammolarning oldini olish hamda brigada xonadonga yetib borguncha bemorning ambulator kartasi bilan tanishib borishdir. Bu esa bemor avval o‘tkazgan kasalliklari, olgan muolajalari va salomatligiga doir boshqa zarur ma'lumotlarni avvaldan bilish imkoniyatini paydo qiladi.  Shuningdek, tez yordam brigadasi ko‘rikdan so‘ng, bemor salomatligi haqida umumiy amaliyot shifokorini ogohlantiradi va rejali patronaj o‘tkazib boriladi. Ko‘rinib turibdiki, birlamchi tibbiy yordamning bunday keng qamrovli tashkil etilishi tibbiy yordamning zanjirdek uzviyligini ta'minlamoqda. 

Yana bir e'tiborli jihat dori-darmon vositalar ta'minoti bilan bog‘liq. Yaqindan poliklinika ichida cheklangan narxlarda savdo qiluvchi dorixona va fitobar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, shifo muassasasini dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlashga ajratilayotgan mablag‘lar ham o‘tgan yilga nisbatan uch baravarga oshirildi. 

Mavzuga oid