Jamiyat | 07:55 / 15.07.2017
54176
2 daqiqa o‘qiladi

Lola Karimova-Tillayeva: “Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” xalqaro kinofestival g‘olibiga aylandi

Italiyaning Iskya orolida bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestivalda “Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli kinokartina “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqida film prodyuseri Lola Karimova-Tillayeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi

Ushbu hujjatli film astronomiya va geometriya fanlarining taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir Mirzo Ulug‘bek hayoti haqida hikoya qiladi. 

"Dunyoning turli mamlakatlaridagi, turli yoshdagi insonlar filmni tomosha qilib, Vatanimizning buyuk o‘g‘loni haqidagi hikoya bilan tanishgach, hayratlanib tasanno aytganlarida qalbimni to‘ldiradigan hislarni so‘z bilan ifodalab berish qiyin.

Ijodiy guruhimizni ushbu nufuzli mukofot bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Filmning yaratilishida prodyuserlar sifatida ishtirok etib, asrlar davomida insonlarni hayratga solib kelayotgan ushbu tarixiy voqeani dunyo ahliga havola etish umr yo‘ldoshim bilan menga nasib etgani biz uchun katta sharaf", deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva. 

Sohibqiron Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulug‘bek dunyo ilm-fanida o‘chmas iz qoldirgan. Samarqand uning hukmronligi davrida astronomiya sohasida tadqiqotlar o‘tkaziladigan xalqaro markazga aylangan. Ulug‘bek bunyod ettirgan muazzam rasadxonada o‘z davrining peshqadam olimu fuzalolari jam bo‘lgan edi. Alloma tartib bergan astronomiya jadvalida 1118 ta yulduzning holati va joylashuvi mufassal bayon etilgan. U hisoblab chiqqan yil uzunligi natijalari esa zamonaviy hisob-kitoblardan atigi 25 soniyaga farqlanadi. Buyuk olim, shuningdek, Yer sayyorasi o‘qining og‘ish burchagi 23,52 gradusni tashkil etishini aniqladi, ushbu ilmiy natija ham hozirga qadar eng aniq ko‘rsatkich deya e'tirof etiladi. 

Mavzuga oid