Sport | 09:19 / 15.07.2017
6428
4 daqiqa o‘qiladi

«Spartak» Rossiya Superkubogini qo‘lga kiritdi

Foto: Twitter/@fcsm_official

Moskvaning «Spartak» jamoasi Rossiya poytaxtining yana bir jamoasi «Lokomotiv» bilan Rossiya Superkubogi uchun o‘yinda g‘alaba qozondi. Uchrashuv «Lokomotiv» stadionida bo‘lib o‘tdi va 2:1 hisobida yakunlandi.

O‘yinning asosiy vaqtida jamoalarning hech biri gol ura olmadi. Qo‘shimcha vaqtning 101-daqiqasida Lorenso Melgarexo markazdan Luis Adrianoga aniq uzatmani amalga oshirdi. U himoyachini tanasi bilan to‘sib, Marinato Gilerme bilan yakkama-yakka chiqdi va yaqin burchakni aniq nishonga oldi. 113-daqiqada Kvinsi Promes chap qanotda to‘pni egallab olib Vladislav Ignatevdan o‘zib ketdi hamda yaqin burchakka to‘pni joylab qo‘ydi. Oradan 3 daqiqa o‘tgach, temir yo‘lchilar vakili Manuel Fernandesh jarima to‘pini golga aylantirdi. Biroq, «Lokomotiv» hisobni tenglashtirishga ulgurmadi. 

Shunday qilib, «Spartak» o‘z tarixida birinchi marta Rossiya Superkubogini yutib oldi. Bungacha ular 3 marotaba mag‘lub bo‘lishgan. «Lokomotiv» esa bu sovrinni ikki marta yutgan. Olti marta Superkubok sohibi bo‘lgan TsSKA bu borada o‘ziga xos rekordchi hisoblanadi.


 
O‘yindan so‘ng, «Lokomotiv» bosh murabbiyi Yuriy Syomin hakamlardan noroziligini bildirdi. 

Uning fikricha, uchrashuv bosh hakami Vladislav Bezborodov qizil-oqlar hujumchisi Luis Adrianoga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatib, o‘yindan chetlashtirishi lozim edi. 

«O‘ylashimcha, Birinchi kanal bugungi o‘yinni namoyish etib to‘g‘ri qildi. O‘yin juda qiziq bo‘ldi. O‘yinchilarga tashakkur bildiraman, ular bor kuchi bilan o‘ynashdi va yaxshi futbol namoyish qilishdi.
 
O‘ying teng kuchlar ostida o‘tdi. Biroq, bizga videotakrorlar kerak, deb o‘ylayman. Hakam Luis Adrianoga ikkinchi sariq ko‘rsatib, uni maydondan chetlatishi kerak edi. Hakam o‘yinni buzdi! — deya Syomin so‘zlarini keltiradi «Chempionat» nashri.

«Spartak» bosh murabbiyi Massimo Karrera esa umuman boshqa fikrda. Karreraning ta'kidlashicha, uning shogirdlari munosib ravishda Rossiya Superkubogi qo‘lga kiritgan. 

«Biz ular shunday o‘yin namoyish etishini bilgandik. Biz yaxshi jamoaga qarshi yaxshi o‘yin o‘tkazdik. Oson bo‘lmasligini ham bilardik. Ko‘p narsadan ko‘nglim to‘lamagan bo‘lsa, ayrimlar jihatlar ajoyib bo‘ldi. 

Albatta, jismoniy tayyorgarlik yuqori darajada emas. Chunki, bu mavsum boshlanishi. Ammo, men o‘z jamoam uchun xursandman, chunki ular haqli ravishda g‘alaba qozonishdi. Mana shu asosiysi», — degan italiyalik mutaxassis. 

Mavzuga oid