Jamiyat | 11:18 / 19.07.2017
16750
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonning Chimboyida elektrdan 1 milliard so‘m qarzdorlik 118 fuqaroga “taqsimlangan”

Majburiy ijro byurosi direktori Botir Qudratxo‘jayevning O‘zA bilan suhbatda aytishicha, qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasining Chimboy filiali mas'ul shaxslari o‘zlari uchun jinoiy sxema ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, yuzaga kelgan 1 milliard so‘m qarzdorlik 118 fuqaroga “taqsimlangan”. Ularni undirish bo‘yicha tegishli da'volar qo‘zg‘atilgan. Lekin ijro hujjatlari ijrosi ta'minlanmagan. 

Bu sohada yo‘l qo‘yilgan jinoiy xatti-harakatlarning ayrimlarini tamagirlik, poraxo‘rlik hamda iste'mol qilingan energiya resurslari uchun to‘langan mablag‘larni talon-taroj qilish kabilar tashkil etgan. 

Bunday jinoyatlarning asosiy qismi energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirishga mas'ul bo‘lgan nazoratchilar tomonidan amalga oshirilgani aytildi. Bu yo‘nalishda 40 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, shundan 18 jinoiy ish 20 nazoratchiga (elektr bo‘yicha – 5, gaz bo‘yicha – 15) taalluqli. 13 holatda qarzdorlikni yo‘qotib berish uchun iste'molchilardan noqonuniy ravishda pul olingan. 

Masalan, “Buxorotumangaz” filiali nazoratchilaridan biri ikki mijozdan 4,6 million so‘m bo‘lgan qarzlarini “qoplab” berish uchun 400 AQSh dollari va 2 million so‘m olgan. Ularga to‘lov to‘langani haqida noqonuniy hujjat bergan. 

“Mirzaobod tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimlaridan biri 1,2 million so‘mlik qarzni “yopish” evaziga iste'molchidan 700 ming so‘m olgan. Tekshirish davomida bu shaxs ana shunday yo‘l bilan 417 noqonuniy holatga yo‘l qo‘ygani va davlatga 31,3 million so‘m zarar yetkazgani ma'lum bo‘ldi”, - deydi Qudratxo‘jayev.

Yashnobod tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimlaridan biri esa qarzdorlikni sun'iy ravishda kamaytirib berish evaziga iste'molchidan 200 AQSh dollari olayotgan paytda qo‘lga olindi. 

Xorazm hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi o‘z jamoadoshlari bilan til biriktirib, “Elsus” korxonasiga qiymati 1,1 milliard so‘mlik transformatorni 754,8 million so‘mga pullagan. Oqibatda davlatga 331,2 million so‘m zarar keltirilgan. Ming afsuski, bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. 

Nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga ham yo‘l qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi. Bu borada elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulangan 15 holat aniqlandi. Misol uchun, chinozlik U.Abdullayev o‘z uyida yashirin 159 kvadrat metrli muzlatgich tashkil etgan va uni ishlatish uchun elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Natijada 290,3 million so‘m ziyon keltirgan. 

Kosonsoy tumani “Suvoqova” korxonasi mas'ul shaxslari nasoslarni ishlatish uchun elektr energiyasidan ikki yil davomida noqonuniy foydalangan va yetkazgan zarari 223 million so‘mni tashkil etgan. 

Bunday noqonuniy holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish ishlari izchil davom ettirilayotgani ma'lum qilindi. 

Mavzuga oid