Jahon | 14:35 / 20.07.2017
14051
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti kirill alifbosini himoya qilib chiqdi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev “Oltoy sivilizatsiyasi va oltoy tillar oilasiga yaqin xalqlar” xalqaro forumida kirill alifbosini himoya qilib chiqdi, deb xabar bermoqda Sputnik Qirg‘iziston.

Prezidentning fikricha, avvalgi alifbodan chetlashish xalqning o‘z tarixidan uzoqlashishi hisoblanadi: o‘z vaqtida arab alifbosidan lotinga, keyin esa kirillga o‘tish Markaziy Osiyoning “oltin asr” merosidan uzoqlashishini belgilab berdi.

Atamboyevning ta'kidlashicha, kirill alifbosi Sobiq ittifoqdagi turk xalqlariga “nafaqat o‘zi bilan o‘zi, balki butun Yevroosiyo bilan yagona madaniy yo‘lda bo‘lish imkonini bergan”.

"Chingiz Aytmatov, Muxtar Avezov, bizning juda ko‘plab olim va yozuvchilarimiz kirill alifbosida ijod qilgan, hamda bu ularni qoniqtirgan", - deya ta'kidlab o‘tdi Atamboyev.

Uning eslatishicha, Sobiq ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng Ozarboyjon va Turkmaniston lotin alifbosiga o‘tdi, O‘zbekiston o‘tmoqda, Qozog‘iston ham yaqinda kirill harflarni lotinga o‘zgartirish haqida qaror qabul qildi.

Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, har gal alifboni o‘zgartirishga yangi tushuntirish berilmoqda.

"Masalan, bunday sabab: lotin barcha rivojlangan davlatlar alifbosi sanaladi, unga o‘tish mamlakat iqtisodiyotining rivojiga yordam beradi. Biroq Yaponiya va Koreyadagilarning iyerogliflardan foydalanishi ularga xalaqit berdimi? Xitoy iqtisodiyotining rivojlanishiga iyerogliflar zarar bermoqdami? Shu bilan birga, Afrikadagi lotin alifbosiga o‘tgan davlatlar qashshoqlikdan qutulib ketdimi?", - deya savol bergan Atamboyev.

Uning ma'lum qilishicha, lotin alifbosiga o‘tishga turk xalqlarini birlashtirish imkoniyatiga tegishli tushuntirishlar ham ishonarli emas. Uning fikricha, alifboni almashtirish birlashtirmaydi, aksincha, xalqlarni bir-biridan uzoqlashtiradi.

Mavzuga oid