Muqumjonova nega 7 yildan buyon sarson...
«Kun.uz» tahririyatiga Buxoro viloyatidan murojaat kelib tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati Kogon shahrida yashovchi Zaynabxon Muqumjonova 2010 yilda yaxshi niyatlar bilan “Qishloq qurilish invest” kompaniyasidan tomonidan qurilayotgan uylardan biri uchun 20 million so‘mdan ortiqroq boshlang‘ich badalni to‘lagan.
Kompaniya bilan o‘rtalarida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, uy qurib bitkazilgach, buyurtmachi uyni ko‘rib chiqib, ko‘ngli to‘lib, qabul qilib olganidan so‘ng bir oy ichida 23 milion so‘m yakuniy badalning to‘lashi kerak edi. Uy qiymatining qolgan qismi, ya'ni, 37 million so‘mni 3. Muqumjonova 15 yil mobaynida Qishloq qurilish bankka to‘lab borishi lozim edi.
Biroq, ma'lum bo‘lishicha, uy bitganidan so‘ng u shartnoma, loyiha va smeta talablari darajasida emas ekani ma'lum bo‘ldi.
Natijada 3. Muqumjonova uyni qabul qilib olish, uy loyiha shartlari asosida qayta qurilmagunicha yakuniy badalni to‘lashdan bosh tortdi.
Kompaniya xodimlari esa uyni qanday bo‘lsa shundayligicha fuqaroga o‘tkazish uchun turli uslublardan foydalanib ko‘rdi.
Xususan, tuman xokimi va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan imzolangan qaror qabul qilib, uy to‘liq bitkazilgani unga kirib yashash mumkinligini tasdiqlashdi. Jumladan, tuman IIB YoXXB bo‘linmasi boshlig‘i mazkur qarorga imzo chekib, o‘z tomonidan, uy yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq javob berishini tasdiqlagan. Biroq, uyda smeta va loyihada ko‘rsatilgan yong‘indan ogohlantiruvchi datchiklar o‘rnatilmagan. Butun binoda 220 volt elektr energiyasi uchun moslashgan simlar, ochiq montaj qilingan. Gaz plitasi ustiga smetada ko‘rsatilgan yong‘in xavfini minimal darajada saqlash uchun moslagan zamonaviy dudbo‘ron o‘rniga o‘ta yupqa tunikadan yasalgan qo‘lbola moslama o‘rnatilgan.
Shuningdek, viloyat Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi boshligi I. Xamrayev imzosi bilan bino arxitektura talablariga to‘la mosligi tasdiqlangan. Aslida esa suv isitish moslamasi - “Ariston”ni to‘ppa-to‘g‘ri oshxona rakovinasi ustiga o‘rnatilishi arxitektura talablarini mutlaqo buzishi hamma uchun ma'lum. Bundan tashqari, 2015 yilgi uyni to‘la bitkazilgani to‘g‘risidagi mazkur qarorda viloyat, Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi inspektori K. Vasiyevning ham imzosi mavjud. Biroq, negadir mazkur shaxs oradan bir yil o‘tib, Zaynab Muqumjonovaning so‘roviga javoban uy qurilishida kamchiliklar mavjud deb javob beradi. Shu o‘rinda, hozirda DAQN boshligi vazifasini bajarayotgan K. Vasiyevning qaysi ma'lumotiga ishonishni ham bilmay qolasan kishi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2015 yildagi uy to‘liq bitkazilgani to‘g‘risidagi qarorga imzo chekishdan oldin xech bir ma'sul shaxs binoni borib ko‘rmagan, degan xulosaga kelish mumkin xolos. Vaholanki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 3 avgustdagi qishloq joylarda uy joy 7 bandida “Davarxitekqurilish” qo‘mitasi yakka tartibdagi uy-joy qurilishida qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirsin deb belgilab qo‘yilgan.
Orada bir qancha sudlar bo‘lib o‘tgan. Sudlar masalani mohiyatidan chetlashib, ishni faqat yakuniy badalni to‘lash masalasidagina ko‘rib chiqdi. Hayratlanarlisi oxirigi sud to‘la bitkazilmagan, buyurtmachi tomonidan qabul qilib olinmagan uy uchun 3. Muqumjonovaning pensiya pullaridan yakuniy badalni ushlab qolish to‘g‘risida qaror chiqardi. Fuqaro sud qarorini bajarib kelmoqda.
Biroq uyni qayta qurish yoki ta'mirlash masalasi e'tibordan chetda qoldirildi. 3. Muqumjonova tomonidan qilingan murojaatlarga Qishloq qurilish invest kompaniyasi 7 yildan buyon yolg‘onlardan iborat javoblar berish bilan kifoyalanib kelmoqda. Kompaniya javoblarida go‘yoki uy qayta ta'mirlangan, uning peshayvoni bir metrga kattaytirilgan, loyihadan ortiqcha ravishda uyga ikkita unitaz, ikkita rakovina qo‘ygan, hovlida quduq qazib berilgani da'vo qilinadi. Aslida esa bu go‘yoki qo‘shimcha qurilmalar dastlabki loyihaning o‘zida ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, kompaniya xodimlari hatto prokuratura organlari, prezident devoni, xalq qabulxonasi vakillariga ham fuqaroga qo‘shimcha ishlar qilib bersak ham uyni qabul qilib olishdan bosh tortyapti, deya tuhmat qilayotgani aytildi.
— Yetti yildan buyon murojaat qilmagan idoram qolmadi, — deydi Muqumjonovaning turmush o‘rtog‘i Saidjon Muqumjonov. — Biroq uyni loyiha talablariga moslashtirishga erisha olmadim. To‘g‘ri, bir-ikki marta “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi mutaxassislari kelib, ul-bulni to‘grilagan bo‘lishdi. Biroq mening asosiy talablarim hanuzgacha bajarilgani yo‘q. Sudlar bo‘ldi. Tushunib bo‘lmaydigan yuridik terminlar bilan to‘lib-toshgan, biri-birini inkor qiluvchi qarorlar chiqarildi. Bo‘layotgan ishlardan qoniqmay, Buxoro viloyati Davlat arxitektura-qurilish nazorat inspeksiyasi, X.S.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazidan ekspertiza o‘tkazishni talab qildim. Xolis ekspertlar haqiqatan ham qurilish jarayonida loyiha va smeta talablariga amal qilinmagani, buyurtmachi, ya'ni mening oilamga katta miqdorda zarar keltirilganini isbotlovchi xulosalar berishdi. Biroq, hech nima o‘zgarmadi. Eshitishimcha, bizning mahallani qurgan pudrat tashkiloti rahbarlari ustidan ham jinoiy sud bo‘libdi. Qat'iy jazolar qo‘llanilibdi. Lekin ularning qamalishidan bizga ne naf. Oilam oldida pudratchi tashkilot emas, balki “Qishloq qurilish invest” javobgar, shu tashkilot bilan shartnoma tuzganmiz. Ular pudratchilarning ishini nazorat qilib borishi kerak emasmidi? Ortiqcha hech nima talab qilayotganim yo‘q. Uyimni loyiha va smeta asosida bitkazib berishsin. Menga bundan kami ham, ko‘pi ham kerak emas.
Muqumjonovlarning adolat istab qilgan sa'y-harakatlari natijasida 2017 yil mart oyida “Qishloq .qurilish invest” kompaniyasi Respublika boshqaruvining vakili uyni borib ko‘rgan. Qator kamchiliklarni aniqlagan bo‘lib, “Defektnyy Akt” tuzgan. Kompaniya tomonidan kamchiliklarni bartaraf qilish uchun 11 million so‘m atrofida pul ajratildi. Biroq bu mablag‘ kamchiliklarni bartaraf kilish uchun umuman yetmas ekan. Misol uchun, ayvonga o‘rnatilgan 6 ta ustunlarini barchasi arxitektura qoidalariga mutlaqo zid ravishda ikkita 5 sm.lik yapaloq taxtalarni bir biriga mixlash orqali qo‘lbola usulda yasalgan. Bu uyning chidamliligiga jiddiy putur yetkazmoqda. Ustunlarning mixlangan joylari (choki) allaqachon ochilib keta boshlagani ma'lum qilindi. Bundan tashqari, ustunlarni bu tartibda o‘rnatish loyiha va smeta talablarini qo‘pol ravishda buzilishi hamdir. Aslida peshayvonga 6 ta 20 sm.lik yumaloq yaxlit yog‘ochdan iborat ustunlar o‘rnatilishi kerak edi.
Qishloq qurilish invest uydagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun Muqumjonovlarga bermoqchi bo‘layotgan 11 million so‘m mablag‘ ana shu ustunlarni almashtirish uchun ham yetmaydi. Vaholanki, “Defektnyy Akt”da katta va kichik jami 27 ta kamchilik aniqlangani belgilab qo‘yilgan.
3. Muqumjonova adolat qaror topishi uyi loyiha va smeta talablariga qachondir muvofiqlashtirilishiga ishonadi. Faqat bu masala bilan adolatli, huquqiy bilimlari mukammal bo‘lgan davlat idoralari xodimlari shug‘ullansagina yechim topadi.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024
2025 yilda Rossiya shahrida Buxoro madaniyati kunlari o‘tkaziladi
17:27 / 30.11.2024