O‘zbekiston | 12:00 / 30.07.2017
30804
3 daqiqa o‘qiladi

Rektor intervyusi. Nomi o‘zgargan institutda test jarayonlarida ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

O‘zbekistonning barcha sohalarida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan qishloq va suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish uchun ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.  Buning uchun tabiiyki, sohada yetuk kadrlar, o‘z sohasining bilimdonlari talab etiladi. Shu bois, oliy o‘quv yurtlariga imtihonlarni topshirish jarayonlari ham islohotlar bilan hamohang tarzda o‘zgarmoqda. Kun.uz Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor O‘ktam Pardayevich Umurzoqov bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga imtihon topshirish jarayoni va uning shaffofligini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashkiliy ishlar yuzasidan suhbat uyushtirdi.

«2017-2018 o‘quv yili uchun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga 1805 nafar talabalikka qabul amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu yil institutga o‘qishga kirish istagini bildirgan 11611 nafar abituriyentlar hujjatlarini topshirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi «Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis – texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3003-sonli Qarori asosida viloyatlar kesimida davlat granti uchun maqsadli qabul kvotalari ajratildi. Bu qishloq va suv xo‘jaligi sohasida hududlar uchun yetuk kadrlarni maqsadli tayyorlash imkonini beradi. Shu maqsadda, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga qabul jarayonlari tashkil etiladigan binolar videokameralar bilan ta'minlandi va ilk bor videokameralar orqali imtihon jarayonlarini barcha ota-onalar onlayn tarzda kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, abituriyentlarning hujjat topshirish jarayonida barmoq izlari skanerlari olindi. Bu esa, o‘z navbatida 1 avgust kuni test sinovlariga kirish jarayonida barmoq izlari skaneri orqali nazorat qilish va «tasodifiy abituriyentlar»ning bo‘lishini oldini oladi. Jumladan, magistratura mutaxassisliklari uchun bo‘lib o‘tadigan imtihonlarda ham shaffoflikni ta'minlash uchun barcha chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda», - dedi O‘ktam Umurzoqov.

Mavzuga oid