Jamiyat | 17:27 / 04.08.2017
6413
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina politsiyasi har kuni qariyb ikkita YTHga uchramoqda

2017 yili Ukraina patrul politsiyasi boshqarmasi xodimlari shu vaqtgacha deyarli 500 avtomobilni yaroqsiz holatga keltirishgan. Avtofalokatlarga umuman yangi bo‘lgan Mitsubishi Outlander PHEV gibrid mashinalari ham uchramoqda. Hatto, Ukraina IIV rahbari Arsen Avakovning qimmatbaho krossoverlarni avariyaga uchratgan ilk uch politsiyachini otib tashlashini aytib hazillashgani ham buning oldini olmayapti. 

Ukraina partul politsiyasi xodimlari yil boshidan beri umumiy hisobda 461 dona qimmat gibrid mashinalarga talofat yetkazgan, deb yozmoqda «Glavkom» nashri patrul politsiyasi departamentiga tayangan holda. 

Boshqarmaga ko‘ra, patrul politsiyachilar eng ko‘p Kiyev (150 dona), Xarkov (45), Odessa (36), Lvov (34) va Dnepr (33) shaharlarida YTHlar sodir etishgan.

Rovno, Severodonetsk, Lisichansk va Rubejnoy shaharlarida 3 tadan mashinaga talofat yetkazilgan.

Umuman, so‘nggi ikki yilda patrul politsiyasi boshqarmasiga 1514 dona xizmat mashinalari berilgan. 2017 yil mayida jiddiy to‘ldirishlar amalga oshirildi. O‘shanda Ukraina Milliy politsiyasida 635 ta Yaponiyaning Mitsubishi Outlander PHEV gibrid krossoverlari paydo bo‘ldi. 

Bundan avvalroq, Ukraina politsiyasi ehtiyojlari uchun 1,5 mingdan ortiq Toyota Prius avtomobillari yetkazib berilgan edi. 

2016 yili mamlakatda 201 dona xizmat Prius mashinalari yaroqsiz holatga kelgan. Ularning aksariyati, 157 tasi Kiyev politsiyachilari aybi tufayli YTHga uchragan. 

Mavzuga oid