Fan-texnika | 11:10 / 05.08.2017
7441
2 daqiqa o‘qiladi

Telegraph: WannaCry virusini bloklagan dasturchi zararli DT ishlab chiqqanini tan oldi

Foto: AP

Dunyo bo‘yicha tashvish keltirgan WannaCry virusini to‘xtatgan britaniyalik dasturchi Markus Xatchins zararli dasturiy ta'minot ishlab chiqishda ishtirok etganini tan oldi. Bu haqda The Telegraph gazetasi prokurorga tayangan holda yozmoqda

3 avgust kuni The Verge nashri yozishicha, Xatchins banklarning onlayn amaliyotlari va kredit kartochkalaridagi ma'lumotlarni o‘g‘irlaydigan Kronos nomli dasturni ishlab chiqqanlikda va undan foydalanganlikda gumon qilingan. 

Amerika hukumatining ta'kidlashicha, Xatchins ushbu DTni reklama qilgan va foyda olish maqsadida sotgan. Kronos ilk bora 2014 yil iyul oyida mutaxassislar tomonidan aniqlangan.

"U (Xatchins) Kronos kodining muallifi bo‘lganiga iqror bo‘ldi va uni sotganini aytdi", - deya prokuror Den Kouig so‘zlarini keltiradi gazeta.

Sudya 30 ming dollar garov puli belgilagan. U internetdan foydalana olmaydi, uning joylashuvi GPS vositasida kuzatuvda bo‘ladi. 

Internetda MalwareTech nomi bilan tanilgan Xatchins 13 may kuni WannaCry ta'magir virusini to‘xtatganini e'lon qilgan edi. 

Ushbu virus kompyuterlar tizimlarini bloklab, kirishni tiklash uchun ma'lum miqdorda pul ta'ma qilgan. 

Mavzuga oid