Qurollangan erkak Eyfel minorasiga o‘tmoqchi bo‘ldi
Parijda 5 avgustda mahalliy vaqt bilan soat 23:30 da bir erkak Eyfel minorasi yopilishiga bir soatcha vaqt qolganda uning ostonasida joylashgan politsiya nazoratidan o‘tib ketmoqchi bo‘lgan.
Aniqlanishicha, erkakda sovuq qurol – pichoq bo‘lgan. U pichoq bilan minora qo‘riqchilariga hujum qilib, tashrif buyuruvchilar tekshiriladigan punktdan o‘tib ketmoqchi bo‘lgan. O‘z vaqtida yetib kelgan harbiy patrul uni tezda qo‘lga olgan. Voqea oqibatida minoradan sayyohlar evakuatsiya qilinganlar.
Erkak terakt sodir etmoqchi va harbiyni o‘ldirmoqchi bo‘lganini tan olgan. U IShID a'zolari bilan aloqada bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. Uning bu ko‘rsatmalari sababli ushbu ish tergovi Parij prokuraturasining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limiga topshirilgan. Keyinroq erkak ruhiy kasallikdan aziyat chekishi va yaqinda davolash kursidan o‘tgani aniqlangan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 6 avgustga o‘tar kechasi minora Parijning "PSJ" klubi ranglari bilan yoritilgan. Parijliklar braziliyalik futbolchi Neymarning klubga o‘tishini shu tariqa nishonlashgan.