Jahon | 09:04 / 07.08.2017
6826
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh maxfiy xizmati Tramp minorasidan treylerga ko‘chib o‘tdi

Foto: AP

AQSh maxfiy xizmati Nyu-Yorkdagi "Tramp-tauer" binosidan Trump Organization bilan ijara bo‘yicha bahs sababli ko‘cha treyleriga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda "Bi-bi-si" telekanali xabar bermoqda.

AQSh prezidentlarini himoya qiluvchi federal agentlik AQSh prezidenti Donald Trampga qarashli binoda 2015 yildan ofis xonalarini ijaraga olib kelayotgandi. Biroq  Trump Organization’da maxfiy xizmat o‘ziga boshqa joy topishi kerakligi aytilgan.

Trump Organization matbuot kotibi Amanda Millerning aytishicha, uzoq o‘ylardan keyin maxfiy xizmat boshqa joyni ijaraga olishi foydaliroq bo‘lishi haqida qaror qabul qilingan.

Maxfiy xizmat matbuot kotibi Ketrin Milxoanning aytishicha, mos joyni qidirish davom etmoqda.

Tramp o‘ziga tegishli binoga prezident bo‘lganidan keyin kelmagan, biroq uning o‘g‘illari u yerda ishlamoqdalar.

Xavfsizlik bo‘yicha tahlilchilarning fikricha, maxfiy xizmatning ko‘cha treyleriga ko‘chib o‘tishi agentlar va prezident oilasi o‘rtasida bino ichidagi radiouzatishni qiyinlashtirishi mumkin. 

Mavzuga oid