Jamiyat | 19:11 / 07.08.2017
31284
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘z xodimlari bilan har yilda yangidan mehnat shartnomasi tuzishi to‘g‘rimi?

SAVOL: Maktabda xodim va muassasa o‘rtasida shartnoma muddati bir yilga tuzilib, har yili, masalan, avgust oyida shartnoma yana qayta tuzilishi mumkinmi?

Sharif, Qo‘chqo‘rg‘on.

JAVOB: Mehnat kodeksining 75-moddasiga binoan mehnat shartnomalari:

- nomuayyan muddatga;

-besh yildan ortiq bo‘lmagan muayyan muddatga;

- muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuzilishi mumkin.

Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.

Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz muayyan muddatga, shuningdek, muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab qayta tuzilishi mumkin emas.

Mehnat kodeksining yuqoridagi normasi ta'lim muassasalaridagi ish beruvchi (direktor) va xodim (o‘qituvchi) munosabatlariga ham tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, ushbu kodeksning 76-moddasiga ko‘ra muddatli mehnat shartnomalari:

- bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda;

- korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini bajaruvchi xodim bilan;

qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda tuzilishi mumkin.

Savolga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bosh yuriskonsulti S.Mirazimov javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Mavzuga oid