Jamiyat | 20:13 / 07.08.2017
17269
2 daqiqa o‘qiladi

Turk arxeologlari muhim topilmalar haqida ma'lum qilishdi

Foto:aa.com.tr

Turkiyaning Antaliya provinsiyasi Karain g‘orida olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida 350 ming yil ilgari shu o‘lkalarda yashagan yirik hayvon suyaklari topildi. Bu haqida "Anadolu" agentligi xabar berdi

Karaindagi arxeologik qazilmalar rahbari, Anqara universitetining arxeologiya professori Xorun Toshqironning agentlikka ma'lum qilishicha, turk olimlari yil boshidan buyon juda qiziq arxeologik topilmalarni aniqlashgan. 

"Arxeologlar yirik sut emizuvchilarning skeleti, qovurg‘a va tish fragmentlarini topishga muvaffaq bo‘lishdi. Olimlar qazilmalar tarixida birinchi marta yirik hayvonning son suyagi va jag‘ini topishdi. Qoldiqlar yoshi taxminan 350 ming yilni tashkil qiladi. Arxeologlar tomonidan aynan qaysi hayvon qoldiqlari topilgani hozircha noma'lum. Ehtimol, bu fil, karkidon yoki gippopotam suyaklari fragmentlaridir. Tez orada mutaxassislar bu topilmalarni o‘rganishga kirishishadi", - dedi Toshqiron. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, topilmalar O‘rta paleolitga borib taqaladi, ular kech neandertallar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

"Shu tariqa bu qadimgi odamlarning yirik jonivorlar suyaklarini qayta ishlaganini taxmin qilish imkonini beradi, bu qadimgi sivilizatsiya tadqiqotchilari uchun juda muhimdir. Bugunga qadar mutaxassislar Anatoliydagi neandertallar hayvon suyagidan mehnat qurollarini yasashganini bilishmagan. Karain g‘ori topilmalari tufayli bu haqida gapira boshlashdi", - deydi arxeolog. 

Olim bu kashfiyotning butun ilm ahli uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. 

Karain g‘ori dengiz sathidan 450 metr balandlikda (Antaliya shimoli-g‘arbidan 30 kilometr masofada) joylashgan.

Mavzuga oid