O‘zbekiston | 18:15 / 09.08.2017
104391
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Toshkent viloyati hokimini qattiq tanqid qildi

Bugun, 9 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Prezident hokimlarning hisobotlaridan qoniqish hosil qilmayotgani, hududlarda kamchilik va muammolar saqlanib qolayotganini bildirgan.

«Kun» muxbiri xabar berishicha, videoselektor davomida prezident o‘tgan hafta televideniyeda yoritilgan, Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanidagi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh shahridagi vaziyatga e'tibor qaratgan.

«Televideniye orqali namoyish etilgan Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanidagi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh shahridagi haqiqiy ahvol o‘zini hurmat qilgan va o‘zini O‘zbekiston fuqarosi degan har kimning qalbini junbishga keltiradi. 

Mayli, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi endi tayinlandi. Sizchi Muso Tojiddinovich, (Yerniyozov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi Raisi – tahr) siz yigirma yildan beri rahbarsizku? Bu yotoqxonalar «O‘zbekenergo»ga tegishli ekan deysiz. Qoraqalpog‘istondagi hamma fuqaro uchun, u yerdagi hamma ish uchun siz mas'ul emasmisiz. Bu qanday javob? Shuncha vaqtdan buyon bu yotoqxonalar «O‘zbekenergo»ga tegishli ekanini endi bildingizmi?

Ahvolni tuzatmasangiz, Taxiatoshga hokim qilib tushiramiz sizni», deya ogohlantirgan prezident.

Shundan so‘ng Mirziyoyev Toshkent viloyati hokimi Shukrullo Boboyevga yuzlanadi.

«Janob Boboyev, siz bilan ham hisob-kitob vaqti keldi. G‘o‘ddayib yurishni yig‘ishtiring. Uddalasangiz, uddalang. Yo‘qsa siz bilan ham juma kuni hisob-kitob qilamiz.

Men siz uchun hokimlik qilmayman. Har bir tumaningizni aravasini men tortishim kerakmi, janob Boboyev? Avval direktor muovini bo‘lganingizni unuting (Boboyev muqaddam Angren shina zavodida ishlagan - tahr). Siz eng katta viloyatimiz hokimisiz. Men sizga hamma vakolatni berganman.

Aravani tortmaganlar ishlamaydi», degan prezident.

 

Mavzuga oid