O‘zbekiston | 22:30 / 09.08.2017
228679
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hokimi prezidentning to‘ylar haqidagi so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilgan

Bugun, 9 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov prezident Shavkat Mirziyoyev tanqidiga uchradi.

«Kun» muxbiri xabar berishicha, prezident shahar hokimini o‘z so‘zlarini yaxshi anglamaslikda ayblagan.

«Bitta gap aytgandim, shahar hokimi keyingi kuni shahardagi hamma restoranni yoptiribdi.

Bu menga qilgan do‘stligimi? «Mirziyoyev aytdi, hammayoqni yopish kerak, to‘y bo‘lmaydi» dermish.

Avval tizim qil, tartib qil. Yoningga kallasi ishlaydigan odamlarni yig‘sang bo‘lmaydimi?

Odamlar og‘zida gap yuribdi. «Nima emish, Mirziyoyev to‘yni yopish kerak, deganmish».

Men to‘yxonalarni yopish kerak demadim, to‘ylarni tartibga keltirish kerak dedim.

Deputatlar va mahallalar raislari ko‘rib chiqib, qo‘l qo‘yib, shahar kengashiga tasdiqlatib, elga bildirib, odamlarga o‘qitib, keyin joriy qilish kerak.

Usmonovga o‘xshaganlar borib bir kunda qaror chiqarvoradi. O‘zi o‘qimagan ham.

Bunday do‘stdan o‘nta dushman yaxshiku. Usmonov shahar hokimi bo‘lsa, boshqa dushman kerak emas menga.

Ertangi kuni hammani yig‘ib, «Mirziyoyev aytdi, bunaqa to‘y qilish mumkin emas» debdi.

Avval o‘rganish kerak, tartib o‘rnatish kerak, odamlarning roziligini olish kerak», degan prezident. 

Davlat rahbari shu bilan birgalikda to‘ylardagi dabdababozlikni qoralagan.

«600 kg guruchdan osh qilinyapti. Undan ko‘ra, yetimxonaga borib osh bersin», degan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan kunlar davomida Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov poytaxtdagi to‘y va ma'rakalarni ixchamlashtirishga kirishgani haqida xabarlar tarqaldi.

Hokim farmoyishi bilan tasdiqlangan tartibnomaga ko‘ra, endilikda Toshkent shahrida to‘y-hasham, tantana, marosim va boshqa oilaviy tadbirlarga taklif etilganlar soni 300 kishidan ortmasligi shartligi, bundan buyon Toshkentdagi to‘ylarda kelin-kuyovning vals tushishi, pul sochish-u gul otish hamda tort kesish taqiqlanishi ko‘rsatilgandi.

Undan oldinroq, 4 avgust kuni san'at va madaniyat sohasi vakillari bilan uchrashuvda ham prezident to‘ylardagi dabdababozlik haqida to‘xtalgandi.

Shundan so‘ng matbuot va televideniyeda ham to‘ylardagi dabdababozlikni qoralash avj oldi.

 

Mavzuga oid