O‘zbekiston | 21:02 / 14.08.2017
48864
14 daqiqa o‘qiladi

Rus grafikasiga asoslangan imloga qaytish - millatimiz kelajagi ildiziga bolta urishdir!

«Kitob dunyosi» gazetasi saytida taniqli adabiyotshunos, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayevning prezidentimizga maktubi e'lon qilindi.

Sh.Rizayev san'at va adabiyot sohasidagi bir talay muammolar va takliflar, yechimlar bilan bir qatorda maktubining eng so‘ngida rus grafikasiga asosidagi alifboni qaytadan joriy etish va uni o‘zbek tilining bosh alifbosi etib belgilash haqida taklif bildirgan.

Adabiyotshunos olimning ushbu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda juda katta rezonans keltirib chiqardi. Albatta, uning taklifini qo‘llab-quvvatlovchi kam sonli odamlar ham topildi. Lekin aksariyat fikri tiniq kishilar, o‘zbek tili lotin alifbosida qolishi kerakligi, qaytaga uni biroz takomillashtirib, zamonga moslab to‘liq joriy etish haqida keskin fikrlar bildirila boshlandi.

Hattoki, rus grafikasiga qaytilishi mumkinligidan tashvishlangan, lotin imlosini yoqlovchi ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbeklar orasida kirillcha harflardan umuman foydalanmaslik, faqat lotincha imloda yozishga chorlovchi tashviqotlar boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda faqat lotincha imlodan foydalanishga ahd qilganlar ko‘paydi.

Xorijiy davlatlarda tug‘ilgan o‘zbeklar dunyo bo‘ylab sochilgan 50 millionga yaqin millatdoshlarimiz aynan lotin imlosi vositasida bahamjihat muloqot qila boshlashganini ta'kidlab, rus grafikasini O‘zbekistonda qaytadan rasmiy yozuv qilish istagida bo‘lganlarga rad javobini berib, o‘zbekistonliklar va butun dunyo o‘zbeklariga qulay bo‘lgan O‘zbek lotin alifbosini yanada mukammalroq qilib joriy etishni Prezident Shavkat Mirziyoyevdan iltimos qilib so‘rab, ochiq xat jo‘natishdi.

O‘zbekistonda tug‘ilmagan o‘zbeklarning Prezidentga maktubi chop etildi

Darhaqiqat muammo kichik emas. Avvalo, «kirillcha imlo», deya muammoni xaspo‘shlamaslik kerak. O‘zbekiston SSRning 1940 yilda qabul qilingan qonuni «O‘zbek yozuvini lotinlashtirilgan alifbedan rus grafikasi asosidagi yangi o‘zbek alifbesiga ko‘chirish to‘g‘risida»gi deb ataladi. Ya'ni, alifbomiz aynan ruslashtirilgan. Binobarin, ortga qaytish — ruslashtirish degani, buni bir zum ham unutmaslik lozim.

«Ommalashmayotgan alifbodan ommaviy axborot vositalari ham, nashriyotlar ham nihoyatda kam foydalanyapti» deydi Sh.Rizayev o‘z maktubida. Ha, aynan bosma ommaviy axborot vositalarining yangi imlo to‘liq joriy bo‘lishida hissasi katta bo‘lishi kerak edi! Edi!

Ozarboyjon va Turkmaniston lotincha imloga 1 yil ichida o‘tib ketgani, rus grafikasiga asoslangan imlodan mutlaqo foydalanmayotganini qanday tushuntirish mumkin? Chunki hamma yoppa ishga kirishgan. Bosma nashrlar — gazeta-jurnallar ham bu ishga labbay deb bosh qo‘shishgan. Endi yon qo‘shnimiz Qozog‘iston ham lotincha imloga o‘tamiz, deb turganida kirillchaga qaytishga da'vat qilish uyatdan boshqa narsa emas.

Lotin alifbosi 1993 yildan buyon joriy etilgan. Oradan 24 yil o‘tayapti. Shu davrda respublikamizda 10 mingga yaqin maktablarda 100 minglab o‘qituvchilar darsni lotin imlosida o‘tishmoqda, konspektlar va tarqatma materiallarni lotinchada yozishmoqda. Nega o‘qituvchilarning bosh gazetasi — «Ma'rifat» hamon kirillcha alifboda chop etilmoqda?

Yoki yaqinda Yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Savodi lotincha imloda chiqqan yoshlarning oldi 30ga kirib qo‘ygan. Ularning «Turkiston» gazetasining nomi «Yoshlar ovozi» deya nomi o‘zgartirilib, chop etilmoqda. Lekin rus grafikasiga asoslangan imloda! Qani, og‘izda tog‘ni talqon qiladigan, «qonunlarga itoatgo‘y», qoni qaynoq yoshlarimiz?!

Partiyalar-chi?! Mayli, XDPni sobiq kommunistik partiyaning vorisi — ular ruscha grafikadan manfaatdor, deylik, unda nega «Milliy tiklanish» partiyasi bu borada og‘ziga talqon solib olgan?! Nega boshlab berishmaydi? Lotincha imloni 24 yil ichida o‘rganish shu qadar qiyinmidi hammaga?! 29tagina harfni? Bu hol boshqa maqsadlar bilan emas, faqatgina loqaydlik, behafsalalik qonunlarga bepisandlik tufayligina yuz bergan, deb ishongim keladi...

Hozir saytimizdan ushbu maqolani kirillcha imloda o‘qiy turib, «O‘zlari-chi?» deb og‘zimga urishga shoshilmang. Internet-nashrlarning deyarli barchasi xabar va materiallarni har ikki imloda bab-baravar berishadi. Jumladan, KUN.UZ ham.

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining (parlamentning!) 1993 yildagi qaroriga ko‘ra, 2010 yil 1 sentyabrdan biz rasman lotin imlosiga o‘tib bo‘lganmiz.

Esida yo‘qlarga, bilmaganlarga uning ayrim bandlaridan iqtibos keltiraman:

1. «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni e'lon qilingan kundan e'tiboran amalga kiritilsin.

2. Yangi alifboga bosqichma-bosqich o‘tilib, bu ish 2010 yilning 1 sentyabriga qadar to‘liq tugallansin. (O‘zR 30.04. 2004 y. 621-II-son Qarori tahriridagi band)

10. Yangi alifboga to‘liq (!) o‘tilgan paytdan, ya'ni 2010 yilning 1 sentyabridan e'tiboran 1940 yil 8 mayda qabul qilingan «O‘zbek yozuvini lotinlashtirilgan alifbedan rus grafikasi (!!) asosidagi yangi o‘zbek alifbesiga ko‘chirish to‘g‘risida»gi (O‘zbekiston SSR Oliy Sovetinnng Vedomostlari, 1940 yil, 4-son) O‘zbekiston Respublikasining Qonuni o‘z kuchini yo‘qotgan (!!!) deb hisoblansin. (O‘zR 30.04. 2004 y. 621-II-son Qarori tahriridagi band)

Maktablarda 24 yildan beri lotincha imloda o‘qitilmoqda. Yoshlarimizning savodi shunda chiqdi. Juda ko‘p sohalarga lotincha imlo singib ketib bo‘ldi. Mayli, ayrim davlat korxonalarida hujjatlar ruscha to‘ldirilayotgandir, u boshqa masala. Lekin blankalar va hujjatlarning juda ko‘pchiligi lotincha imloga o‘girib bo‘lingan.

Ushbu qonunga juda ko‘p joylarda rioya qilinmoqda. Shaharlarimizda avtobuslar ko‘rsatkichlari, ko‘chalarimizdagi do‘kon va idoralar peshtoqlaridagi yozuvlar, 2010 yildan so‘ng chiqarilgan 5 ming so‘mlik, 10 ming so‘mlik, 22 avgustdan muomalaga kiritiladigan 50 ming so‘mlik pullar lotincha imloda. Yangi imloda juda ko‘p kitoblar ham bosmadan chiqdi.

Faqat bosma ommaviy axborot vositalarimiz — gazeta va jurnallargina rus grafikasiga asoslangan imlodan foydalanib kelishmoqda.

Xorijiy tajribalarga murojaat qilaylik. Mustafo Kamol Otaturk Turkiyani arab imlosidan lotin imlosiga o‘tkazishni qay tarzda amalga oshirgan? Jurnalist Baxtiyor Shohnazarov shunday yozadi:

«Mustafo Otaturk 1929 yili Turkiyada lotin alifbosini amalga kiritgan. Shundan keyin atrofidagilar yangi alifboga qanday munosabatda bo‘layotganliklarini kuzatgan. Qarasa — gazetalar hech narsa bo‘lmagandek arab alifbosida bosilayotgan, davlat xodimlari esa arab yozuvida ish yuritishayotgan emish.

Shunda Otaturk «six ham kuymasin, kabob ham» deb, gazetalarning bir betini lotin alifbosida, ikkinchi betini esa arab alifbosida nashr qilishni buyuribdi.

Keyin nima bo‘libdi deng! Odamlar gazetalarning faqat arab alifbosida yozilgan betlarini o‘qishayotganmish, lotin yozuvidagi maqolalarga qarab ham qo‘ymayotganmish. Shunda Otaturk barcha gazeta va jurnallarni majburiy o‘laroq lotin yozuvida nashr qilishga buyruq beribdi.

Boshida odamlar yangi alifboga o‘rganolmay ancha qiynalishibdi. Lekin, oradan olti oy o‘tgach, hamma lotin yozuvida bemalol o‘qib-yozadigan bo‘libdi. Ayniqsa davlat xodimlari «savodsizligi» tufayli yangi alifboda ish yuritolmay, ishsiz qolishni istashmabdi-da!

O‘zbekistonda 28 yildan beri davlat tili to‘g‘risidagi, 24 yildan beri lotin yozuviga o‘tish to‘g‘risidagi qonunlarni amalga tatbiq qilish ishlari o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotgan, bu ham yetmagandek «kirill alifbosiga qaytish kerak» degan xiyonatkorona bayonotlar bildirilayotgan bir paytda Turkiyadaligimda Otaturk haqida eshitgan yuqoridagi misol esimga tushdi.

Men doim lotin yozuvini targ‘ib qilgan va tezroq to‘liq o‘tish tarafdori bo‘lganman. Alifboga o‘quvchilarni o‘rgatish maqsadida 2003 yili «Mohiyat» gazetasida bitta katta huquqiy mavzudagi maqolamda bir gapni kirill yozuvida, keyingisini esa lotin alifbosida e'lon qildirganman. Shu tariqa, maqolaning yarmi kirillda, qolgan yarmi esa lotin yozuvida berilgan».

Kimdir e'tiroz bildirishi mumkinki: kirillchadan lotinchaga o‘tilsa, odamlar gazeta va jurnallar o‘qimay qo‘yadi, deb. O‘qiydi! Jilla qursa, hozirgi o‘qiyotgan darajasidan kam o‘qimaydi.

Faqat, rus grafikasiga asoslangan alifbodan to‘liq voz kechib, lotin alifbosiga uzil-kesil o‘tish uchun uni biroz takomillashtirish kerak. Mening nazdimda, kichikroq islohot o‘tkazish, «Ts» tovushini harfini ifodalash uchun «S», «s» ni joriy etish, «jurnal» va «jon» so‘zlaridagi «J»ni farqlash,  «Ch» (Ch, ch), «G‘» (G‘, g‘), «O‘» (O‘, o‘), «Sh» (Sh, sh), «Ng» (ng) kabi harflar va birikmalar o‘rniga hozirgisidan farqli o‘laroq, bir harf uchun bitta simvol ishlatilishi kerak.

Iloji bo‘lsa, yangilik yaratmasdan lotin grafikasining Windows tizimi klaviaturasidagi harflar orasida mavjud, turkiy tilli qardoshlarimiz — turklar, ozarboyjonlar va turkmanlar ham ishlatadigan simvollarga murojaat qilishimiz kerak (Yodingizda bo‘lsa 1993 yilgi dastlabki variant shunga o‘xshash edi):

Ts — S s  

Ch — Ç ç

G‘ — Ğ ğ

O‘ — Õ õ

Sh — Ş ş

Ng — Ñ ñ

J (jurnal) — Ɉ ɉ

Alifbo takomillashtirilib, yangisi rasman qabul qilinib, barcha yoppasiga o‘sha imloga o‘tish uchun kirishsa, 1–2 yil to‘liq o‘tib ketishimiz uchun yetarli bo‘ladi. Bu borada aynan ma'naviyat targ‘ibotchiligini, davlat tashviqotchiligini da'vo qiluvchi bosma nashrlarimiz yeng shimarib ishga kirishib, safning eng oldingi qatorida bo‘lishi talab etiladi.

Jamiyatimizning barcha jabhalarida islohotlar ro‘y berayotgan hozirgi kunlarda

«Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 avgustdagi PF-5148-son farmoniga ko‘ra, matbuot va axborot agentligiga «xorijda o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilish, nashriyotlarga kitob mahsulotlarining xalqaro kitob bozorida o‘z mavqei va salmog‘iga ega bo‘lishida ko‘maklashish» vazifasi ham yuklatilgan. Bu ishlarni rus grafikasi asosidagi alifboda amalga oshirib bo‘lmaydi, aniq!

Prezidentning Yangi farmoniga ko‘ra, endi Matbuot va axborot agentligi bu sohada ham boshqaruvni to‘liq o‘z qo‘liga olish kerak.

1). «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga amal qilinishini talab qilish maqsadida Bosma nashrlarga 1 yil ichida (4-chorakdan, 1 oktabr — o‘qituvchilar kunidan boshlab) to‘liq lotin imlosiga o‘tish talabi qo‘yilishi kerak: har chorakda nashrning chorak qismi bosqichma-bosqich lotincha imloga o‘tkazilib borilishi sharti bilan.

2). «Ma'rifat» va «Yoshlar ovozi» gazetasining keyingi soniyoq to‘liq lotincha imloda chiqishi shart!

3). Internet saytlarga esa kirillcha imloda xabarlar berishni taqiqlash kerak.

O‘z holiga tashlab qo‘yish bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligiga 24 yildan bilan guvoh bo‘layapmiz. Keskinroq choralar ko‘rish fursati yetgan.

Xullas, mana shu gaplarni ham kimdir chiqib ochiq, baralla aytishi kerak edi. Sh.Rizayev nazdimda o‘ta katta xatarni millatimiz boshiga boshlab kelmoqchi bo‘lganini ko‘rib, chiday olmadim. Uzr!

So‘zim intihosida Feysbuk tarmog‘idan bir iqtibos keltiraman:

«Bir millatning taqdiriga oid masalani bir kishining fikri, taklifi bilan emas, mingning mashvarati bilan hal etmoq shartdir. Ayniqsa, til masalasida tilini tiyib, xalqiga quloq solgan olim — olimdir. Ishi millatiga zarracha zarar keltirishini bila-bila kimgadir yoqish uchun odim otsa, u holda bu olim zolimning jallodiga barobar».

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ jurnalisti.

Mavzuga oid