Fan-texnika | 21:03 / 15.08.2017
11933
2 daqiqa o‘qiladi

“Kalashnikov” politsiya uchun elektromototsikllar taqdim qildi

Moskva viloyatida 22-27 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan “Armiya-2017” anjumanida keng omma uchun ilk marta elektromototsikllar taqdim qilinadi. Anjuman tugagandan keyin bunday elektromototsikllar Moskva yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlariga topshiriladi. “Kalashnikov” konserni yaratgan “IJ” markasidagi bu elektromototsikllar sinovdan o‘tkazilgandan keyin politsiyachilar ushbu transport ularga yoqqani aytishgan: ular uning sig‘imdorligi, manyovrchanligi va boshqa sifatlarini yuqori baholashgan.

Kontsern ushbu transport vositasining batafsil texnik xarakteristikalarini ma'lum qilmagan: shunisi ma'lumki, u bitta quvvatlanishida 150 km yo‘l bosa oladi, dvigateli quvvati esa 15 kilovattni tashkil qiladi.

Avvalroq konsern kuch tuzilmalari uchun “IJ” mototsikllari variantlari ustida ishlayotgani ma'lum qilingan. O‘shanda bu elektromototsikllar Yaponiyaning Kawasaki tog‘ mototsikllariga o‘xshash bo‘lishi ta'kidlangandi.

Jurnalistlar “AVT-servis” motoservisi egasi Aleksey Trepixalindan yangi “IJ”ning suratiga baho berishni so‘rashgan. Trepixalinning aytishicha, mototsikl o‘nqir-cho‘nqir, baland-past joylarda o‘tkaziladigan maxsus musobaqalar uchun mo‘ljallangan. U “Ijmash” bu qurilmani o‘zi mustaqil ravishda yarata olganiga shubha bildirgan. Uning aytishicha, yaxshisi bu mototsiklni uni 3 barobar arzonroqqa chiqarish uchun Xitoyning Lifan va Stels kompaniyalariga bergan ma'qulroq bo‘lardi. U bu mototsiklning narxini 150 ming rublga baholagan.

Trepixalinning gaplariga “Moto” jurnalidan Roman Sitnikov qo‘shilgan. Uning fikricha, yangi mototsikllar Xitoyning Lifan mototsikllari negizida yaratilgan.

Mavzuga oid