O‘zbekiston | 15:50 / 16.08.2017
18530
3 daqiqa o‘qiladi

«Unitel» MChJ bosh direktori Toshkentda Beeline 4G’siga iPhone’da ulanib bo‘lmasligi sababini tushuntirdi

Informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalar vakillari ishtirokida «O‘zbekistonda mobil aloqa: muammolar va yechimlar» mavzusida bo‘lib o‘tgan Xalqaro press klubda «Untel» MChJ bosh direktori Dmitriy Shukov nega Toshkentda «Beeline» mobil aloqa operatori orqali 4G internetga ulanib bo‘lmasligi va mijozning boshqa kompaniyaga o‘tishda o‘z raqamini saqlab qolish imkoniyati haqidagi savollarga javob berdi.

Foto: Xalqaro press-klub

— Toshkent shahrida 178ta 4G baza stansiyalari o‘rnatib bo‘lingan, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Faqatgina Apple kompaniyasining iPhone telefonlaridan foydalanayotgan mijozlarimiz bu xizmatga hozircha ulana olishmaydi. Chunki Apple kompaniyasi biz joriy etgan 800 mGts diapozonni O‘zbekiston uchun negadir bloklab qo‘ygan.

Ayni paytda bu borada Apple kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Hammaga ma'lumki, bizda ularning vakolatxonasi yo‘q. Shu sababli to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga majbur bo‘lmoqdamiz. Ularda ham byurokratiya bor, ishlar cho‘zilmoqda. O‘ylaymanki, bizning talablarimiz inobatga olinadi va iOS’ning keyingi yangilanmalarida 4G xizmatimizni qo‘llash taklif etiladi. Android operatsion tizimida ishlaydigan mobil qurilmalar orqali 4G’ga ulanishda muammo yo‘q, — dedi Dmitriy Shukov.

— Bir kompaniyadan ikkinchi kompaniyaga o‘tishda mijozning o‘z telefon raqamini saqlab qolish masalasiga to‘xtalsam, bu narsaga bir necha yil oldin Rossiyada katta shov-shuv bilan qonun qabul qilib o‘tilgan edi. Lekin bugungi kunga kelib ma'lum bo‘lmoqdaki, mijozlarning 90-95 foizi hech qachon o‘z operatorini almashtirmaydi, demakki, raqamini saqlab qolishga ham ehtiyoji yo‘q. O‘zbekistonda bu narsani joriy etish uchun o‘n millionlab dollar mablag‘ talab etiladi. Chunki yagona ma'lumot bazasi yaratilishi kerak, barcha operatorlar o‘sha bazaga ulanib, mijozlarni kuzatib borishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid