Sport | 20:30 / 18.08.2017
7244
4 daqiqa o‘qiladi

55-start. Bundesliga yana qaytmoqda

1963 yilda tashkil qilingan (ungacha Germaniya chempionati maqomida bo‘lgan) Germaniya bundesligasi 54 yillik tarixdan buyon Yevropaning eng nufuzli chempionatlaridan biri sanalib keladi. Bugungi kunda qit'aning eng kuchli uchta chempionatidan biriga aylanib olgan nemis karvoni bugundan boshlab 55-marta start oladi.

Yangi mavsumning dastlabki uchrashuvini amaldagi chempion, umuman so‘nggi besh yillik tengsiz jamoasi «Bavariya» «Bayyer»ga qarshi uchrashuv bilan ochib beradi. Dastlabki tur haqida to‘xtalishdan oldin sizga 54 yillik tarixga ega chempionat haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Bundesliga tashkil qilinguniga qadar o‘tkazilgan Germaniya chempionati musobaqalarini ham qo‘shib hisoblasak, 43 jamoa chempionlik unvonini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi. Chempionlik bo‘yicha rekord «Bavariya»ga tegishli bo‘lib, jamoa jami 27 marta bosh sovrinni qo‘lga kiritgan «Dinamo» Berlin hisobidagi 10, «Nyurnberg» hisobida esa 9ta chempionlik unvoni mavjud.

Bundesliga tashkil qilingan vaqtdan boshlab esa bugungi kunga qadar 12 jamoa musobaqada zafar quchishga muvaffaq bo‘lgan. Albatta bu borada ham rekordchi «Bavariya» sanaladi. Bundesligaga qadar 60 yil davomida bir marta chempion bo‘lgan myunxenliklar yangi davrga kelib 26 marta bosh sovrinni o‘zlariniki qilib olishgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni ikki «Borussiya» — Myongxengladbax va Dortmund shahri jamoalari egallab turibdi. Ular hisobida beshtadan bundesliga bosh sovrini bor. «Verder» esa bu sovrinni to‘rt marta yutib olgan, «Hamburg» va «Shtutgart» esa 3 martadan chempion bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Yangi tashkil qilingan liganing dastlabki chempioni sanalgan «Kyoln» esa , «Kayzerslautern» bilan birga ikki martadan mavsumni eng yuqori pog‘onada yakunlashgan. Shuningdek «Nyurnberg», «Ayntraxt» Branshveyg, «Volfsburg», «Myunxen-1860» jamoalari bir martadan chempion degan nomni qo‘lga kiritishgan. Qiziq tomoni Sharqiy Germaniya jamoalaridan hali birortasi bundesliga bosh sovrinini yutmagan.

2017/2018 yilgi mavsum
1-tur. Markaziy uchrashuv

«Bavariya» - «Bayyer» (23:30, Sport TV, Match TV)
Yangi mavsumni amaldagi chempion «Bavariya» «Bayyer»ga qarshi uchrashuv bilan ochib beradi. Ikki jamoa o‘rtasidagi bundesliga doirasi kechgan so‘nggi to‘qqiz uchrashuvning faqat bittasida «Bayyer»ning qo‘li baland kelgan («Bavariya»da 5G‘, 2D, 1M).

Yana bir ahamiyatli tomoni «Bayyer» «Bavariya» kechgan so‘nggi 30 uchrashuvning faqat 2tasida g‘alaba qozongan. Jamoa 25 uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, 3 bor durang o‘ynay olgan. So‘nggi marta leverkuzenliklar Myunxenda 2012 yilda g‘alaba nashidasini surgan bo‘lsa, undan oldingi g‘alaba naqd 23 yil muqaddam 1989 yilda qo‘lga kiritilgandi.

Bundan tashqari Bundesliganing birinchi turida bir qator qiziqarli uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:

19 avgust 

Hoffenhaym- -Verder 18:30
Herta - Shtutgart  18:30
Hamburg - Augsburg 18:30
Maynts - Hannover 18:30
Volfsburg - Borussiya D 18:30

Shalke - RB Leyptsig 21:30

20 avgust

Frayburg - Ayntraxt 18:30
Borussiya M - Kyoln  21:00

Mavzuga oid