Jamiyat | 18:19 / 23.08.2017
11909
4 daqiqa o‘qiladi

Bolalarimiz vitaminga to‘yishi uchun nimalar qilishimiz kerak?

O‘zbekiston iqtisodiyotida barqarorlikni ta'minlashning muhim yo‘llaridan biri — bu tashqi savdo faoliyatida ijobiy natijaga erishishdan iboratdir. Boshqacha qilib aytganda,  mamlakatga chetdan olib kelinadigan tovarlar (zamonaviy asbob-uskunalar, noyob dori-darmonlar, qurilish materiallari va hokazolar) sotib olish uchun xorijiy valyutalar miqdori yetarli bo‘lishi lozim.

Jahon moliyaviy inqirozining salbiy oqibatlari ta'sirida O‘zbekiston eksport qiladigan ayrim tovarlarning eksport narxlari pasayib ketdi. Bunga tabiiy gaz, paxta tolasi, mis va boshqa mahsulotlarni misol keltirish mumkin. Buzilgan muvozanatni tiklashning aniq yo‘llaridan biri — bu meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini ko‘proq chetga chiqarib sotish evaziga zarur, o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni olib kelishdan iborat.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, bu amaliyotning salbiy tomoni ham mavjud, ya'ni ichki bozorda mahsulot kamayadi va narxlarning oshib ketishiga olib keladi, bu esa shahar aholisining, jumladan, qo‘shimcha daromadga ega bo‘lmagan oilalarning asosli e'tiroziga olib kelmoqda.

Albatta, bu vaqtinchalik holat va yaqin kelajakda qishloq xo‘jaligidagi tarkibiy o‘zgarishlar o‘zining ijobiy natijasini beradi. Shunday bo‘lsa-da, vujudga kelgan holatlarga befarq bo‘lish mumkin emas va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib tegishli choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Jumladan, poytaxtda tashkil etilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalarini viloyatlar va sanoat markazlarida tashkil etish lozim. Bundan tashqari, shahar aholisi zich joylashgan hududlarda maxsus transport vositalaridan foydalanib, eng zarur bo‘lgan kundalik ehtiyoj mahsulotlari, jumladan, baliq savdosi tashkil etilsa, narxlarning pasayishiga erishish mumkin.

Buning uchun mahalliy boshqaruv organlari fermerlar uyushmasi yoki agrofirmalar bilan bog‘lanib, shahar aholisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulot yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishi lozim. Bu ishning natijadorligi mahalla raislarining ham tashkilotchilik qobiliyatiga bog‘liq. Ular mahalla sharoitidan kelib chiqib kartoshka, meva-sabzavot, poliz mahsulotlari sotishni tashkil etish uchun turli xil imkoniyatlar izlasa va shu yo‘l bilan o‘z aholisini ijtimoiy himoya qilish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi.

Bir vaqtlar shahar aholisini meva-sabzavot bilan ta'minlashga xizmat qiladigan maxsus chakana savdo tashkiloti bor edi. Hozirgi vaqtda ham bunday tashkilot kerakligi yaqqol bilinib turibdi. Nega deganda, bu tashkilot yordamida shahar aholisini nafaqat sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta'minlash, balki pulning bankdan tashqari aylanishini keskin kamaytirish ham mumkin.

Mantiqan fikr yuritganda, aholining oddiy kartoshka va pomidor uchun dehqon bozoriga borishi va u yerda mustahkam o‘rnashib olgan olibsotarlarga duch kelishi shart emas. Bozorga odamlar kattaroq savdo qilishga, to‘y-marosimlar uchun xarid qilishga borishi kerak. Xulosa shuki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan bu soha ham chetda qolib ketmasligi kerak.

Ilhom Vafayev,
Samarqand shahri.

Mavzuga oid