O‘zbekiston | 09:40 / 23.08.2017
97658
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston televideniyesida ko‘rsatuvlar jonli efirga chiqishi to‘xtadi

Moderator Sherzodxon Qudratxo‘jayev boshchiligida olib borilgan Xalqaro press klub sessiyalari endi yaqindagina tashkil etilgan «O‘zbekiston 24» va boshqa telekanallar efirida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilmaydigan bo‘ldi.

Press klubning Telegram messenjeridagi jurnalistlar bilan axborot almashinuv guruhida 23 avgust kuni soat 11:00da xalq ta'limi vazirligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan sessiyasi jonli efirda uzatilmasligi haqida xabar berildi.

Hozircha Xalqaro press klubning to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilmasligi borasida biror bir rasmiy izoh berilganicha yo‘q.

Shuningdek, «O‘zbekiston» telekanalida «Munosabat» ko‘rsatuvi ham efirdan yo‘qolgan. Quddus A'zam boshlovchiligidagi bu ko‘rsatuv har haftada 4-5 marta jonli efirda uzatilib kelinayotgandi.

Xabarlarga ko‘ra, MTRK Media markazida 21 avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov va Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shunday qaror qabul qilingan. 21 avgust kungi yig‘ilishda biroz avvalroq MTRK raisi o‘rinbosarligidan olinib, «O‘zbekiston» telekanaliga rahbar etib tayinlangan Xayrulla Nuriddinov yana lavozimiga qaytarilgan, «O‘zbekiston 24» telekanali rahbari Ozod Hamidxo‘jayev lavozimdan olingandi.

Mavzuga oid