Jamiyat | 22:02 / 26.08.2017
10071
4 daqiqa o‘qiladi

Qishloq vrachlik punktidagi holat: muammolari qanday hal etilyapti?

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati, Ulug‘nor tumanidagi “Mingbuloq” qishloq vrachlik punktidagi holat yuzasidan murojaat kelib tushgach, viloyatning cho‘l tumaniga borib, vaziyatni tahlil qilish harakatida bo‘ldik.

To‘g‘risi, arizachilarni maktub bitiboq, zudlik bilan tanqidiy material kutishiga hayron bo‘lasan, kishi. Tanqid qilish qochmas. Tahririyat nomidan biror murojaatni o‘rganish uchun borganda aynan o‘sha holatni kelib chiqish sababi chuqur o‘rganishga urinamiz. Aslida, murojaatni ko‘rib chiqishdan maqsad borib, tanqid qilish emas, balki ma'lum bir natijaga erishishdir. Buning uchun tumandagi mutasaddilar bilan muzokaraga kirishish va muammoni hal qilish yo‘lidan boramiz. Endi ayni paytda 10 mingga yaqin aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan Mingbuloq qishloq vrachlik punktiga to‘xtalsak. Muassasa “Bo‘ston”, “Terakzor” va “Mingbuloq” mahallalarida faoliyat yuritadi.

Ikki hafta oldin vrachlik punktiga borganimizdan so‘ng, u yerga tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bobir Qo‘ziyev va tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Azizbek Otaxonovlar yetib kelishdi. Murojaatda ko‘rsatilgan kamchiliklar yuzasidan ular bilan suhbatlashdik.

Hokim o‘rinbosari shu yilning fevralida punkt hashar yo‘li bilan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgani, bino va xonalar zamonaviy ko‘rinish kasb etgani bilan ayni paytda muassasa aholiga to‘liq va va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun yuz foiz tayyor emasligi sabablarini tushuntirdi. Biz arzda ko‘rsatilgan suv muammosiga e'tibor qaratdik. Xonalar va tashqi fasaddagi kosmetik kamchiliklar shoshilinchda qilinganidan darak berib turibdi.

O‘sha kuni tuman hokimligi mutasaddisi bilan binoni ko‘rib chiqqanimizdan so‘ng Bobir Qo‘ziyev suv masalasini uch kun davomida mukammal holatga keltirib berishga va'da berdi. Biz va'daga ishondik. To‘rt kun o‘tib muassasa mudiri Nurillo Egamberdiyev bilan telefon orqali bog‘langanimizda u santexniklar kelgani,  lekin suv chiqara olishmagani haqida aytdi. Yana tuman hokimi o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qildik. So‘ng viloyat sog‘liqni saqlash bo‘limiga. 26 avgust kuni muassasa mudiri, binoda suv tushgani aks etgan fotosuratlarni yuborib, minnatdorchilik bildirdi. Mudirning aytishicha, ertaga sanuzel tizimi to‘liq ishlar ekan.

Yuqorida QVP hashar yo‘li bilan qayta ta'mirlanganiga urg‘u bergan edik. Halqimizning hashari bor bo‘lsin.

Binoni hech qaysi qurilish tashkiloti qurish uchun buyurtma olib, topshirgan emas. Bizga tuman gazetasida qurilish uchun tender e'lon qilinganini bildirishgan edi. Bugun ma'lum bo‘lishicha, binoni rekonstruksiya qilish ishlarini “Takomil qurilish servis” tashkiloti olib boradigan bo‘libdi. Demak endi mukammal rekonstuktsiya ishlari boshlanadi. Yuqorida havola qilganimizdek, QVPda muammolar hal etish yo‘liga o‘tdi.

QVP mudiri Nurillo Egamberdiyev suv muammosi hal bo‘lgani uchun rahmat aytib, quruvchilar binoni sentabr oyida to‘liq rekonstruksiyadan chiqarib berishini bildirdi. Mutasaddilarga minnatdorchilik bildirgan holda 10 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot muassasiga transport vositasi ham juda zarur ekanligini eslatib o‘tsak.

Tahririyat bu masalada yana bir bor murojaat etadi.

Mavzuga oid