Sport | 22:56 / 28.08.2017
14767
2 daqiqa o‘qiladi

Boks, JCh–2017: Jasurbek Latipov sakkizinchi chorakfinalchimiz

Foto: AIBA

Germaniyaning Hamburg shahrida AIBA shafeligi ostida boks bo‘yicha Jahon chempionatining to‘rtinchi kuni bokschilarimiz uchun juda muvaffaqiyatli davom etmoqda. 

Kecha o‘tkazilgan ikkinchi saralash bosqichida to‘rt nafar bokschimiz JCh chorak finaliga yo‘l olgani haqida xabar bergan edik. Bugun musobaqaning to‘rtinchi kunida ikkinchi saralash bosqichida hozirgacha ishtirok etgan 5 bokschimizdan 4 nafari ham chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni uddalashdi.

60 kg.gacha bo‘lgan vaznda ikkinchi saralash bosqichida armanistonlik Karen Tonakanyanni mag‘lubiyatga uchratgan Elnur Abduraimov ham chorak final yo‘llanmasini hal qilganini xabar bergan edik.

69 kg.gacha vazn toifasining ikkinchi saralash bosqichi Shahram G‘iyosov ukrainalik Yevgeniy Barabanovga qarshi ringga ko‘tarildi va 5:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi va chorak finalga chiqqan oltinchi bokschimiz bo‘ldi.  

91 kg.dan ortiq vazn toifasidagi bokschilarning ikkinchi saralash bosqichida Bahodir Jalolov daniyalik Kem Larssenni birinchi raunddayoq nokautga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi.

52 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasining ikkinchi saralash bosqichida ishtirok etgan Jasurbek Latipov ham o‘zining ikkinchi jangida bolgariyalik Daniel Asenov ustidan g‘alabaga erishdi va chorak finalga yo‘l olgan sakkizinchi o‘zbekistonlik bokschi bo‘ldi.  

Bizni Bektemir Meliqo‘ziyev ishtirokidagi so‘nggi jang kutmoqda. Uni UzReport telekanali orqali jonli efirda tomosha qilishingiz mumkin. (Toshkent vaqti bilan)

81 kg. Ikkinchi saralash bosqichi. 28 avgust. 23:45
Bektemir Meliqo‘ziyev (O‘zbekiston) - Muslim Gajimagomedov (Rossiya)

Mavzuga oid