Jamiyat | 12:46 / 28.08.2017
6531
2 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlik yo‘li bilan fuqarolardan 10 ming dollarni olgan shaxs ushlandi

Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan hamkorlikda O‘rtachirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor-tergov tadbir davomida fuqaro D.Q. bir guruh fuqarolar ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan ulardan 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini olgan vaqtda ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Muqaddam, fuqarolar A.M. va Sh.G‘. viloyatning huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ariza bilan murojaat qilib, unda D.Q. o‘zini Toshkent shahridagi restoranlardan birining rahbari sifatida tanishtirib, huquqni muxofaza qiluvchi va boshqa davlat organlarida ishlab kelayotgan tanishlari orqali yakka tartibda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkasi ajratib berilishida amaliy yordam ko‘rsatish evaziga ulardan 25 ming AQSh dollari talab qilib kelayotganligini ko‘rsatishgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 va 28-211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib (firibgarlik va pora berishga undash), tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Mavzuga oid