APL. Avgustdan keyingi 5 dastlabki xulosa
O‘tgan yilning shu paytida APL da “Manchester Siti”ni yutadigan jamoa yo‘q, Antonio Konte esa, iste'fo ostonasida turgandi. Keyinchalik, hammasi qay darajada o‘zgarganini yaxshi bilamiz. Lekin baribir esimiz kirmaydi va e'tiboringizga avgust oyidagi APL o‘yinlaridan keyin paydo bo‘lgan dastlabki xulosalarni taqdim etamiz Yakunda noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa ham.
1) “LIVeRPUL”NING HUJUMKORLIGI KOUTINOGA BOG‘LIQ EMAS
“Liverpul” bor kuchi bilan tarkibida o‘ynashni istamayotgan Koutinoni olib qolishga harakat qilayotganini dastlabki turlar u qadar oqlagani yo‘q. Klopp shogirdlari Koutinosiz ham hujum chizig‘ida yuksak potensial sohiblari ekanliklarini isbotlamoqdalar. Jamoa uch o‘yinda 8 gol kiritib ulgurdi va bu ligada faqat “MYu”dan past ko‘rsatkich xolos. “Liverpul” raqiblari kuchliroq ekanini ham e'tiborga olish lozim.
Jamoa safiga yangi kelib qo‘shilgan Muhammad Saloh hozircha ishonchni oqlamoqda – uning hisobida allaqachon 2 gol va 1 golli uzatma mavjud. Mavsumning ikkinchi yarmida safga qaytadigan Lallanani qo‘shmak, marsisaydliklar yanayam kuchli ko‘rinish hosil qilishlari mumkin.
Boshqa tarafdan, “Liverpul”ning himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan raqiblarga qarshi qanday o‘ynay olishini ko‘rishimiz kerak. Masalan, “Kristal Palas”ga kechgan o‘yinda Klopp shogirdlari raqib darvozasini ishg‘ol qilishga qiynalishdi. Bunday o‘yinlarda uzoq masofadan berilgan zarbalar yoki noodatiy paslari bilan raqib himoyasini yenga oladigan Koutinoning yo‘qligi bilinishi ehtimol.
2) “MANCheSTeR YuNAYTeD” O‘TGAN YILGIDAN KO‘RA KUChLIROQ
Ibrahimovich o‘rniga Lukakuning kelishi “MYu”ni bu qadar kuchaytirib yubormagani tabiiy. Balki bu, Joze Mourino aytganidek, murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish yaxshilanganiga bog‘liqdir. Pogba va Mxitaryan o‘zlarinning ikkinchi mavsumini o‘tkazayotganliklari sababdir...
Nima bo‘lgandayam, “MYu” ayniqsa gol urish borasida o‘tgan yilgidan yaqqol ustun ekanini payqash mumkin. O‘tgan mavsumda “MYu” aynan gol urishda qiynalgani tufayli, aksariyat o‘yinlar 1:1 hisobida yakunlangan edi. Jamoa “Old Trafford”dagi 19 o‘yindan 12 tasida bittadan ortiq gol ura olmagan. Avgust oyida esa, 3 o‘yinda 10 gol kiritildi. 10 gol 7 futbolchi tomonidan kiritilganini, gollarning 7 tasi o‘yinning so‘nggi choragiga to‘g‘ri kelishini e'tiborga olsak, jamoa rang-barang, tezkor hujum qilmoqda va bir gol bilan kifoyalanishni istamayapti.
3) MORATA ANGLIYaDA O‘YNAY OLADI
Alvaro Morata va Romelu Lukakuning qaysi biri foydaliroq ekani haqidagi dilemma qarshisida qolgan klublarni asosan ispaniyalik futbolchining APL da qay darajada moslashib keta olishi o‘ylantirgan bo‘lishi tabiiy.
Sobiq “Real” futbolchisi bu shubhalarni yo‘qotish uchun to‘liqmas uch o‘yin sarfladi xolos. “Stemford Brij”dagi debyut o‘yinida u qisqa vaqtda bir gol va goli uzatma amalga oshirdi, “Everton”ga qarshi keyingi uy uchrashuvi ham xuddi shunday sermahsullik takrorlandi. Shu tariqa Alvaro “Stemford”dagi ilk ikki uy o‘yinida 2+2 natijani qayd etgan ilk futbolchi sifatida tarixga kirdi.
4) “BYoRNLI” SAFARDA O‘YNAShNI O‘RGANIB OLDI
O‘tgan mavsumda “Byornli” asosan bir jihat bilan ko‘proq tilga olindi – jamoa safarda o‘ynay olmadi. O‘tkazilgan 19 o‘yinning 15 tasida jamoa mag‘lubiyatga uchradi. Faqat mavsum so‘nggida, APL da qolish uchun ayovsiz kurash kechayotgan pallada “Kristal Palas” ustidan g‘alaba qozonildi xolos.
Bu safar hammasi teskari ko‘rinish oladi shekilli. “Byornli” safarda o‘tgan mavsumning eng kuchli ikki jamoasi – “Chelsi” va “Tottenhem”ga qarshi maydonga tushgan bo‘lishiga qaramasdan, 4 ochko olishning uddasidan chiqdi. Bu Shon Daych shogirdlariga qo‘shimcha ishonch berib, jamoa top klublar uchun bosh og‘rig‘i bo‘lib qolsa, ne ajab.
Bu o‘yinlarda ayniqsa, jamoa posboni Tom Hitonni alohida ta'kidlash kerak. 31 yoshli darvozabon yuqorida tilga olingan o‘yinlarda haqiqiy qahramonga aylandi. Terma jamoaning birinchi raqamli posboni Jo Hart 3 turda 10 gol o‘tkazib yuborishga ulgurdi, balki Sautgeyt uni birinchi raqamli darvozabon sifatida sinab ko‘rar.
5) “TOTTeNHEM”GA SAFAR ENDI QO‘RQINChLI EMAS
“Tottenhem”ning o‘tgan mavsumdagi ajoyib natijasiga asos bo‘lgan omillardan biri Pochettino shogirdlarining “Uayt Hart Leyn”dagi ajoyib o‘yinlari edi. Jamoa ushbu stadionda mavsum davomida atigi ikki marta durang qayd etdi xolos, qolgan o‘yinlarda g‘alaba qozondi. Top-6 jamoalar ichida faqat “Manchester Yunayted” keraksiz bir gol urganini aytmasa, na “Chelsi” na “Liverpul”, na “Manchester Siti” va na “Arsenal” bu stadionda gol ura oldilar.
“Uayt Hart Leyn” buzilib ketdi, “Tottenhem” uy uchrashuvlarini “Uembli”da o‘tkazmoqda. Stadion jamoa uchun begona emas, o‘tgan yili londonliklar yevrokubok o‘yinlarini aynan o‘sha yerda o‘tkazgan edilar. Ammo “Tottenhem” “Uembli”dagi 4 o‘yindan atigi bittasida g‘alaba qozona olgandi xolos.
Ushbu an'ana endi APL da ham davom etmoqda. “Chelsi” va “Byornli”ga qarshi o‘yinlarda “Tottenhem” atigi 1 ochko oldi va o‘tgan yili butun mavsum davomida yo‘qotgan ochkolardan ko‘prog‘ini yo‘qotib ulgurdi.
Mutaxassislar buni “Uembli”ning o‘lchami biroz kattaligini va bu “Tottenhem”ning uslubiga mos emasligini, raqibga bosim uyushtirishni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoni pasayganini aytayotgan bo‘lishsa-da, Pochettino bu fikrlarni rad etmoqda. Nima bo‘lgandayam, “Tottenhem”ning asosiy fishkalaridan biri bo‘lgan “Uayt Hart Leyn dahshati” endi yo‘q.
Q.Aslanov
Mavzuga oid
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
14:31 / 02.11.2024