Aston Martin Yaponiya bilan yarim milliard funt sterlinglik bitim tuzdi
Britaniyaning Aston Martin avtomobilsozlik kompaniyasi Birlashgan Qirollik va Yaponiya o‘rtasida 500 mln funt sterlinglik savdo va investitsiya bitimi tuzilganini e'lon qildi.
Qimmatbaho avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniya keyingi yilda Yaponiyaga eksportni oshirishi, u yerda bir qator yangi ofislar ochishi va dilerlik tarmog‘ini kengaytirishini ma'lum qildi. Ta'kidlanishicha, 5 yilga tuzilgan bitim kompaniyaning Britaniyadagi zavodlariga anchagina foyda keltiradi.
Bitim shartlariga ko‘ra, kompaniyaning St Athan va Gaydon zavodlaridan eksport yangi sport avtomobillari ishlab chiqarilishi va kompaniyaning ilk to‘liq privodli yo‘ltanlamasi chiqarilishi hisobiga oshiriladi.
Bundan tashqari, Britaniya Yaponiya kompaniyalari, jumladan Bridgestone, Denso, Mitsubishi va Yazaki’dan avtomobil ehtiyot qismlarini sotib olishni 70 mln funt sterlingdan ko‘proq qiymatga oshiradi.
Shuningdek, bitimda kompaniyaning Tokiodagi global brend-markazi, Yaponiyadagi yangi bosh qarorgohiga va dilerlik tarmog‘ining yanada rivojlanishiga investitsiyalar kiritish ko‘zda tutilgan.
Bitim haqida 30 avgustda Aston Martin’ning bosh ijrochi direktori va prezidenti Britaniya bosh vaziri Tereza Meyga hamrohlik qilayotgan delegatsiyaning Yaponiyaga tashrifi vaqtida e'lon qildi.
Mey hozirda Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi xususida Yaponiyaning xavotirini kamaytirishga va u bilan savdo muzokaralarini faollashtirishga intilmoqda.
“Biz Yevropa Ittifoqini tark etishga tayyorlanayotganimiz sababli, do‘stlarimiz va ittifoqdoshlarimiz bilan mavjud aloqalarga tayanishimiz hayotiy muhim masaladir. Aston Martin Buyuk Britaniya faxrlanadigan, innovatsion va jahonning yetakchi kompaniyasiga yorqin misoldir va ular bu muhim savdo missiyasida bizga qo‘shilganlaridan mamnunman”, deb aytgan Mey.
Mavzuga oid
12:13
“O‘zbekistondagi nosvoylardan 10 xil zaharli modda aniqladik” - Yaponiyadagi o‘zbek olimi yangi tadqiqoti haqida
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
18:22 / 22.12.2024