Markaziy bank so‘m devalvatsiyasi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bugun yuz bergan so‘m devalvatsiyasi bo‘yicha rasmiy bayonoti e'lon qilindi.
Bugun, 4 sentabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki rasmiy saytida AQSh dollari va boshqa xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatlarini e'lon qildi. Unga ko‘ra, 5 sentabrdan e'tiboran O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi 8100 so‘mga teng bo‘lishi belgilandi. Ya'ni, dollarning rasmiy kursi bir hafta ilgariga nisbatan 3889 so‘m 65 tiyinga oshdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentabrdagi PF-5177-sonli «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan valyuta bozorini yanada liberallashtirish sohasidagi davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini o‘rnatishda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llashdan iboratdir.
2003-2017 yillarda kursni shakllantiruvchi omillar dinamikasining tahlili asosida, shuningdek banklar tomonidan importyor korxonalarga shartnomaviy kurs bo‘yicha chet el valyutasini sotishning sinov savdolari natijalarini inobatga olgan holda, bugungi kunda valyuta kursining muvozanat darajasi hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 AQSh dollari uchun 8000-8150 so‘mni tashkil etmoqda.
Shu munosabat bilan, Markaziy bankning valyuta kursi 2017 yilning 5 sentabridan boshlab 1 AQSh dollari uchun 8100 so‘m darajasida o‘rnatilmoqda.
Markaziy bankning kursi, avvalgidek, har dushanba kuni o‘tgan hafta davomida valyuta birjasida o‘tkazilgan savdolarda qayd etilgan kurslarning o‘rtacha qiymati darajasida belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi hududida buxgalteriya hisobi, statistika hisoboti hamda boshqa hisobot maqsadlari uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun ishlatiladi.
Chet el valyutasini sotib olish va sotish bo‘yicha banklararo savdo sessiyalari O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasida har kuni o‘tkazilib, bunda valyuta kursi chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifning joriy nisbati asosida aniqlanadi hamda valyuta birjasining saytida e'lon qilib boriladi», — deyiladi MB xabarida.