O‘zbekiston | 15:37 / 05.09.2017
97670
3 daqiqa o‘qiladi

Valyuta ayirboshlash qanday tashkil etilgan: narx, navbat va xizmat

Bugun, 5 sentabr kunidan boshlab O‘zbekistondagi barcha aksiyadorlik-tijorat banklarida xorijiy valyutaning milliy so‘mga nisbatan erkin konvertatsiya qilinishi boshlandi. Kun.uz muxbiri amaliyot qanday tartibda tashkil etilgani va sharoitlar bilan tanishish maqsadida Toshkent shahridagi «Ipoteka bank» hamda «O‘zsanoatqurilish» banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga yo‘l oldi.

Avvalo, «bank» yozuv qadalgan har bir eshikka kirishingiz bilan xorijiy valyutani so‘mga almashtirib berishmaydi, uning uchun aynan valyuta ayirboshlash shoxobchasiga (VASh) tashrif buyurish tavsiya etiladi. So‘ngra ish soatlariga e'tibor qarating: «Ipoteka bank» VASh xodimining aytishicha, mazkur bo‘lim xodimlari tushliksiz soat 9:00dan to 17:00gacha mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. «O‘zsanoatqurilishbank» VASh punktida esa tushlik vaqti belgilangan, bu kunning 14:00-15:00 vaqtida ekani tasdiqlangan.

Valyuta ayirboshlash uchun shaxsni tasdiqlovchi hech qanday hujjat talab etilmaydi, faqat EKIH 100 baravaridan ortiq summaga (taxminan 1875 AQSh dollar) teng valyutani ayirboshlash payti bank xodimi fuqarolik pasportingizni so‘rashga haqli. Har bir mijozga o‘rtacha 3 daqiqa davomida xizmat ko‘rsatiladi. Bugun ko‘pi bilan 5-7 kishidan tashkil topgan navbatlar paydo bo‘lgan.

Xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalarini naqd pul ko‘rinishida qabul qilasiz, xohishingizga qarab shu joyning o‘zida so‘mga almashtirib olishingiz mumkin. Valyuta sotib olish uchun VASh punktiga emas, balki bank konversion xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limga murojaat qilish so‘raladi.

Demak, 100 AQSh dollari barcha VASh punktlarida 800.000 so‘m mablag‘ga ayirboshlash joriy etilgan. Tijorat banklarni narx siyosatini mustaqil yuritishi mumkin, ammo hozircha ular bitta kursda davom etmoqda. Ayirboshlash amaliyotini tugallash uchun sertifikatga imzo qo‘yasiz va so‘m kupyuralarini sanab olishingiz so‘raladi.

PS: Mening nazarimda, bank xodimlari juda muloyim va sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Punkt boshqaruvchisi va yordamchisi mijozlarga qulayliklar yaratish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solmoqda. Navbatda turganlar uchun kutish o‘rindiqlari bor, umuman ishingiz besh daqiqaga yetib bormay hal bo‘ladi.

Mavzuga oid