Jahon | 07:53 / 06.09.2017
12309
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi rohingya musulmonlariga Myanma fuqaroligini berishga chaqirdi

Foto: Reuters

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Myanmaning g‘arbidagi Rokhayn shtatidagi vaziyatdan xavotir bildirdi va Myanma hukumatini u yerda yashovchi rohingya musulmonlari huquqiy maqomi muammosini hal qilishga chaqirdi. Guterrish BMT bosh qarorgohidagi matbuot anjumanda Xavfsizlik kengashiga shtatdagi vaziyatni tartibga solishga imkon beradigan choralar taklif qilingan maktubni topshirganini aytdi.  

Uning aytishicha, Myanma hukumati “zo‘ravonlikka barham berish uchun qat'iy harakatlar”ni amalga oshirishi lozim. “Rokhayndagi musulmonlarga ularga normal hayot kechirishga imkon beradigan fuqarolik yoki juda bo‘lmasa vaqtinchalik huquqiy maqom berish kerak”, deb ta'kidlab o‘tdi Guterrish.

Guterrish shuningdek hududdagi gumanitar vaziyatdan ham xavotir bildirdi hamda musulmon jangarilarining Myanma armiyasi blokpostlariga hujumlari va xavfsizlik kuchlari operatsiyalarini qoraladi. Uning aytishicha, bundan tinch aholi aziyat chekmoqda. BMT bosh kotibi 125 ming nafar rohingya qochqinlarini qabul qilgan qo‘shni Bangladesh hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

Rokhayn shtati Myanmada rohingya musulmonlari ixcham yashaydigan joy sifatida tanilgan. Myanma hukumati ularni Bangladeshdan kelgan noqonuniy muhojirlar deb hisoblab, mamlakat fuqarolari deb tan olishdan bosh tortadilar. Shtatda musulmonlar va mahalliy buddaviylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga olib kelgan diniy negizdagi nizolar bo‘lib turgan. 

Mavzuga oid