Sport | 17:30 / 08.09.2017
11084
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA Dele Allini jazolashi mumkin

FIFA «Tottenhem» va Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Dele Alli ustidan ish qo‘zg‘adi. 

Angliya terma jamoasining Slovakiyaga qarshi uchrashuvida Alli o‘rta barmog‘ini ko‘rsatgan holda, odobsiz harakat qilgandi. Translyatsiya chog‘ida, bu harakat uchrashuv hakamiga qaratilgan, deb taxmin qilinishi mumkin edi. Gap shundagi o‘sha paytda hakam Martin Shkrtelning unga ishlatgan qo‘polligini e'tiborsiz qoldirgandi. 

Ammo o‘yindan keyin Alli bu harakatni hakamga emas, do‘sti Kayl Uokerga hazil tariqasida ko‘rsatganini aytdi. Terma jamoa murabbiyi Garet Sautgeyt va «Tottenhem» ustozi Maurisio Pochettino futbolchining bu oddiy harakatiga jiddiy e'tibor qaratmaslik kerakligini ta'kidlashdi.  

Ammo BBC nashrining yozishicha, FIFA ish yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlab bo‘lgan. Futbolchi sentabr oyi oxirlarida jazolanishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, Angliya terma jamoasi  jahon chempionati saralash o‘yinlarini yana ikki turdan so‘ng yakunlaydi. 5 oktabr kuni Sloveniya, 8 oktabr kuni esa Litvaga qarshi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid