Light | 23:31 / 18.09.2017
35198
3 daqiqa o‘qiladi

«Xavotir olma»ning o‘rniga aytish kerak bo‘lgan 3 ibora

Qiyin vaziyatda qolgan insonni tinchlantirish uchun unga xavotir olmaslikni maslahat berishning o‘zigina yetarli emas. Aks holda, u insonda tezroq qutulishni istayotgandek tasavvur uyg‘otishingiz mumkin. "Layfxaker" insonlarni qo‘llab-quvvatlash istagida bo‘lganlar uchun quyidagi uch iborani tavsiya etadi.

1. «Senga qanday yordam kerak?»

Real yordam har qanday tinchlantiruvchi so‘zlardan yaxshiroqdir. Insonning qiyin vaziyatga tushganini ko‘rdingizmi, unga yordam berishga harakat qiling.

Foto: Layfxaker

Ha, shunday holatlar ham bo‘ladiki, hech nima qila olmay qolasiz. Biroq u inson sizning haqiqatan ham yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekaningizni ko‘radi. Shu tariqa siz kelgusida ham sizga ishonish mumkinligini namoyish etasiz.

Hatto birovga yordam bera olmasangiz ham, u kimdir qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib, o‘zini biroz yaxshi his qila boshlaydi.

 

2. «Hozir nimalarni his qilayotganingni tushunib turibman»

Biror nima sabab qattiq qayg‘uda qolgan damlaringizni yodga oling. Hoynahoy, o‘sha payt o‘zingizni yolg‘izlangan his qilgan bo‘lsangiz kerak.

Foto: Layfxaker

Qandaydir yoqimsiz voqea ro‘y bersa, "faqat men shunday vaziyatga tushishim mumkin", deb o‘ylashga moyilmiz. Aslida esa bunday emas.

Agar o‘zingiz ham shunga o‘xshash vaziyatga tushgan bo‘lsangiz, o‘z tajribangiz bilan bo‘lishing. U sizga ishonib, o‘zini yaxshiroq his qila boshlaydi. Murakkab vaziyatdan qanday chiqishga muvaffaq bo‘lganingiz borasida maslahatlaringizni ayamang, toki u sizning misolingizda muammoning yechimi bor ekanini his qilsin.

 

3. «Bu chindan ham dahshat»

Harakatlaringiz va istaklaringizga qaramay, siz hammaga ham yordam bera olmaysiz. Shunday bo‘lsa-da, u insonning sizga ko‘nglidagini to‘kib solishi uchun imkon bergan bo‘lasiz. Zarur paytda shunchaki sizni tinglab, dardingizni his qila oluvchi insonning borligini bilish yengillik beradi. 

Foto: Layfxaker

Na sa'y-harakat va na maslahat bilan yordam bera olmaysizmi? Shunchaki insonning muammosini tan olib, unga hamdard bo‘lishga harakat qiling.

Shu tariqa sizning oldingizda his-tuyg‘ularni ochiq namoyon qilish va xavotirlar bilan bo‘lish mumkinligiga ishora qiling.

Mavzuga oid