Toshkent moliya instituti yana sahna markazida: MTJ ham bunaqa futbol ko‘rsatmagan!
«2017 yil avgust oyidagi imtihonlardan «quruq» chiqqan Toshkent moliya instituti o‘z repertuariga sodiq qolgan holda, yangi «sahna ko‘rinishlari»ni namoyish etmoqda», deb yozadi bloger Mirzo Subhanov o‘z blogida.
Uning olib borgan kichik surishtiruviga ko‘ra, «bu galgi ko‘zbo‘yamachilik institutga yangi o‘qituvchilarni «ishga olish», aniqrog‘i, «ishga olmaslik» bilan bog‘liq».
«Gap shundaki, TMI tomonidan 2017 yil 6 sentabr kuni bandlikka ko‘maklashish markazining rasmiy saytida «Oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi» lavozimiga 24 yangi ish o‘rinlari taklif etilgan. Bu vakansiyalar bo‘yicha «Toshkent oqshomi» gazetasida ham e'lon chiqarilgan. Faqat «tasodifan» institut rasmiy saytida bu bo‘yicha ma'lumot berilmagan, xolos.
Vakansiyada institutning kadrlar bo‘limi telefoni joylashtirilgan. Berilgan telefon raqamlariga bog‘langanimizda, quyidagi javob bizni hayratga soldi:
«Bizda darslar avgust oyidayoq taqsimlab bo‘lingan va bo‘sh ish o‘rinlari mavjud emas!»
Rasmiy saytda 24ta yangi ish o‘rni qayerdan paydo bo‘lgan, deb institut joylashgan hudud bo‘yicha — Yunusobod bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat etdik. Markaz Toshkent moliya instituti 4 sentabr kuni 24ta vakansiya e'lon qilganini rasman tasdiqladi va hattoki bu vakansiya bo‘yicha 13 sentabr kuni gerb muhrli «ishga yo‘llanma»ni rasmiylashtirdi.
Rasmiylashtirilgan yo‘llanma bilan biz Toshkent moliya institutiga otlandik. Oldinda bizni yangi va yangi sarguzashtlar kutar edi.
Institutning kadrlar bo‘limiga yo‘llanmani taqdim etishga harakat qilganimizda, «siz kechikdingiz, biz odam olib bo‘ldik», degan javobni oldik. Holat yuzasidan e'tiroz bildirganimizda, kadrlar bo‘limi — o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘iga, o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘i o‘z navbatida — institut kengash kotibiyatiga, kotibiyat — kafedra mudirlariga, kafedra mudirlari «estafeta tayoqchasi»ni yana kadrlar bo‘limiga yo‘lladi.
Kvadrat bir tepar uslubini yaxshi o‘zlashtirgan TMI futbolchilarga hatto milliy terma jamoamiz a'zolari havas qilsa arziydi!
Bu holatni nazariy o‘rganishga harakat qilaylik: Toshkent moliya instituti 24ta vakansiyani nima uchun e'lon qildi?
5 yilda bir marta har bir vakant joy qaytadan tanlov asosida rasmiylashtirilishi kerak ekan.
Nima uchun bu vakansiyalar bo‘yicha ma'lumotlar yashirilmokda?
Chunki institut «ko‘chadan kelgan»larni ishga ololmaydi! «Begonalar» institutda bo‘layotgan korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarni tashqariga olib chiqishidan xavotir bor! Shuning uchun yangi ish o‘rinlariga nomzodlar «sodiq askarlar» bo‘lmish kafedra mudirlariga yuklatilgan. Ular o‘zlari o‘qituvchilar qabuli bilan shug‘ullanadi. Odamlarni tekinga kim ishga oladi axir?
Xo‘sh, muammoning yechimi bormi?
Oliy ta'lim muassasalardagi o‘qituvchi kadrlarni ishga olish va kadrlar malakasini oshirish buyicha Oliy ta'lim vazirligi shug‘ullanishi kerak. Vazirlik o‘qituvchi kadrlarning respublika bo‘yicha yagona reyting tizimini joriy qilishi va bu reytingda kadrning ish staji, ma'lumoti, xorijiy tillarni bilishi, rasmiy sertifikatlari, ilmiy salohiyati va boshqa kriteriyalar inobatga olinishi kerak.
Oliy ta'limdagi kadrlarni besh yilda bir emas, balki har yili avgust oyida hamma oliy o‘quv yurtlari uchun yagona tanlov asosida qabul qilishni joriy etish zarur. Kadrlar reytingidan universitet va institutlarning umumiy reytingi chiqarilishi kerak. Reytingi baland kadrlar xohlagan Oliy o‘quv yurtida ishlashlarini ta'minlash va o‘quv yurtlari orasida kadrlar almashinuvini joriy etish maqsadga muvofiq.
Hattoki Toshkentdagi mashhur Westminster xalqaro universiteti tanlov orqali ishga qabul qiladi.
Hurmatli san'at ishqibozlari! Toshkent moliya instituti teatr jamoasi ko‘rsatayotgan tamoshalarga marhamat!» — deb tugatadi o‘z blogpostini Mirzo Subhanov.
Mavzuga oid
16:06 / 11.12.2024
Forishda 64 yoshli erkak o‘qituvchi voyaga yetmagan o‘quvchi qizga shilqimlik qildi
16:40 / 25.11.2024
“42 km yugurish unga cho‘t emas” – 54 yoshida marafon chempioni bo‘lgan yangibozorlik o‘qituvchi
09:30 / 22.11.2024
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
19:44 / 18.11.2024