Jamiyat | 22:57 / 23.09.2017
12645
3 daqiqa o‘qiladi

2030 yilda sayyoramizning 60 foiz keksa yoshli aholisi Osiyoda yashaydi

Foto:Fotolia / Remus Moise

Deloitte prognozlariga ko‘ra, 2030 yilda sayyoramizning 65 yoshdan katta 60 foizga yaqin aholisi Osiyoda yashaydi. Bu esa mintaqada bir qator iqtisodiy va demografik muammolarni keltirib chiqaradi. Bu vaqtga kelib Osiyoda Yevropa va Amerikada birga olingandagidan ko‘proq 65 yoshdan katta odamlar yashaydi. Bunda eng katta yuk Xitoyga tushadi: bu yerda hozirdayoq 150 mln dan ko‘proq keksa odam yashamoqda. 2050 yilga kelib bu yerda 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan ishchilar soni 70 foizdan 60 foizgacha kamayadi. Keksa yoshli odamlar esa ko‘payadi, chunki umr davomiyligi yil sayin oshmoqda. Shu tariqa, Xitoy aholisi mamlakat haqiqatan boyib ketishidan avvaloq qariydi.

Sog‘liqni saqlash kabi sohalarga bu foyda bo‘ladi. Osiyoda hozirda tibbiy sayyohlik ancha ommalashgan. Biroq Osiyo iqtisodiyoti uchun demografik portlash "ogoh bo‘lish uchun ishora"ga aylanishi kerak. Deloitte prognozida aytilishicha, agar jiddiy choralar ko‘rilmasa, qarish sur'atlari Osiyoda iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiladi. Jumladan, mehnat unumdorligini oshirish va ayollarni faol mehnatga jalb qilish ustida ishlashni boshlash lozim. Yo‘qsa, Xitoy iqtisodiyoti keyingi o‘n yillikka kelib 4,2 foizga qulaydi. 

Osiyoning qolgan davlatlari ham shu muammoga duch keladi. Xususan, hozirda Tayland, Hongkong, Tayvan, Singapur va Janubiy Koreyada umr ko‘rish davomiyligi yuqori va tug‘ilish darajasi kamdir. Demografik tahdid Singapur iqtisodiyotining yaqin 10 yil ichida 8,4 foizga, Tayland iqtisodiyotining esa 4,4 foizga ortlashiga olib kelishi mumkin.

Aksincha, Hindiston ishchi kuchiga egalik qilish bo‘yicha yetakchiga aylanishi mumkin. Bu yerda ishchilar soni 2050 yilga kelib 885 mln dan 1,12 mlrd gacha oshadi. "Bu ishchilar hozirgilardan ko‘ra ma'lumotliroq va malakaliroq bo‘ladi. Yangi avlod Hindiston iqtisodiyotini tamomila yangi darajaga olib chiqadi", deb aytdi Deloitte’ning Hindiston iqtisodiyoti bo‘yicha eksperti Anis Chakravarti. 

Oqibatda, Xitoy va boshqa davlatlar demografik muammolarining yechimi muhojirlarni jalb qilish bo‘lishi mumkin. 

Biroq hammasi ham bunchalik ayanchli emas. Bunday katta miqdorda ish joylari sanoatning avtomatlashtirilishi va raqamli texnologiyalarga o‘tilishi sababli kerak bo‘lmay qolishi mumkin. Yaponiya Xitoy va Janubiy Koreya bilan bir qatorda hozirdayoq sanoat robotlarini joriy qilish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Ekspertlarning fikricha, aynan robototexnikaning ommaviy ravishda joriy qilinishi Osiyoning rivojlangan davlatlari uchun demografik inqirozning oqibatlarini yumshatadi.

Mavzuga oid