Jahon | 19:58 / 02.10.2017
15434
2 daqiqa o‘qiladi

Las-Vegas «mergani» xonasida o‘nlab qurollar topildi, u o‘zini o‘ldirgan

Las-Vegasdagi musiqa festivali ishtirokchilari ustiga o‘q yog‘dirgan Stiven Peddok o‘zini o‘ldirgan. Bu haqda Reuters agentligi shahar sherifi Jo Lobardoga asoslanib xabar tarqatdi.

Bundan avvalgi xabarlarda politsiyachilar uni otib tashlagani aytilgandi.

U «Mandalay Bey» mehmonxonasining 32-qavatida turib odamlar ustiga o‘t yog‘dirgan. U mehmonxonadagi nomerlardan birida 28 sentabrdan yashab kelayotgandi. Uning xonasidan o‘ndan ortiq qurol topildi. Qurollarning turlari ma'lum qilinmadi.

Peddok «Mandalay Bey» mehmonxonasidan kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan, hozirda Nevadada istiqomat qiluvchi ayol — 62 yoshli Marilu Denli bilan birga xona olgan. Ular qanday munosabatda bo‘lgani ma'lum qilinmayapti. Otishmadan bir necha soat o‘tib politsiya ayolni qidirib topdi. Bundan tashqari, Peddokka tegishli ikki avtomobil ham aniqlandi.

Uni ommaviy qotillikka undagan sabablar noma'lum. Qotil hech qanday talablarni ilgari surmagan, u qandaydir terrorchilik yoki ekstremistik guruhlarga aloqadorligi ma'lum emas. Ayni vaqtda politsiya uni yakka tartibda harakat qilgan qotil deb atamoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu xunrezlik oqibatida 50 kishi halok bo‘lgan, 400dan ortiq kishi jarohatlangan holda shifoxonalarga olib kelingan.

Mavzuga oid