Jamiyat | 12:57 / 02.10.2017
58675
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migrantlari uchun maslahatlar: Bir yildan so‘ng Rossiyani albatta tark etish kerakmi?

2015 yil 1 yanvargacha Rossiya qonunchiligiga ko‘ra vizasiz davlatlardan kelgan chet el fuqarolari RF hududiga kirgan vaqtdan boshlab bir yilgacha mamlakatda yashashlari mumkin edi, zero ishga ruxsatnoma bir yil muddatga berilardi. Ruxsatnoma muddati tugagach, migrant ishdan bo‘shab, RF hududini tark etishi lozim edi.

2015 yil 1 yanvarga qadar «Rossiya Federatsiyasidagi chet el fuqarolarining huquqiy holatlari haqida»gi 115-sonli Federal Qonunning 5-qism, 5-moddasida «Viza talab etilmaydigan mamlakatlardan Rossiya Federatsiyasiga kirib kelgan chet el fuqarosining ishlash (xizmat ko‘rsatish) uchun imzolagan mehnat shartnomasi yoki fuqaroviy-huquqiy shartnomasi hamda ishlash uchun ruxsatnomasi muddati chet ellik fuqarosining Rossiya Federatsiyasiga kirib kelgan kunidan boshlab bir yildan oshmasligi lozim», deb ko‘rsatilgan.

Aksariyat odamlar hanuzgacha o‘sha talabni yodda tutgan holda RFga kirib kelgan kundan boshlab bir yil muddatda mamlakatni tark etishga harakat qiladi. Vaholanki, ayni paytda bunday talablar yo‘q.

Bugungi kunda agar chet el fuqarosi patent rasmiylashtirib, unga tegishli to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib borsa, u holda patent muddati tugagunga qadar uning vaqtincha yashash muddati ham uzaytirilib boriladi. Biroq, navbatdagi avans to‘lovi fuqaroni yashash joyidan registratsiyadan o‘tish vazifasidan ozod etmaydi. Masalan, patent to‘lovi bir oyga amalga oshirilgan, demak, yashash joyidagi «uchyot»ni ham bir oyga uzaytirish lozim.

115-sonli FQga ko‘ra, vizasiz rejim asosida RF hududiga kirib kelgan chet el fuqarosining yashash muddati 90 kundan oshmasligi lozim. Qonunda, shuningdek, mazkur muddatni uzaytirish imkoni ham ko‘rsatilgan.

Unga ko‘ra, yashash muddati chet el fuqarosiga berilgan patent muddatiga muvofiqlashtirilgan. Ya'ni, RFga kirib kelgan chet el fuqarosining yashash muddati unga patent berilishi orqali uzaytiriladi. Shuning uchun patent muddati yoki uning qayta rasmiylashtirishi avtomatik tarzda chet el fuqarosining RF hududida yashash muddatini uzaytiradi.

Agar patent uchun to‘lov o‘tkazgan bo‘lsangiz va patent muddati tugamagan bo‘lsa, siz migratsiya «uchyoti» (registratsiya) ni patent muddati tugagunga qadar uzaytirishingiz mumkin. Ya'ni, endi RF hududiga kirgan vaqtingizga bir yil to‘lgandan so‘ng mamlakatni tark etishingizga hojat qolmaydi.

Botirjon Shermatov,

Yurist-konsultant.

Manba: http://migrant.mobi/

Mavzuga oid