Almazbek Atamboyev nega Nursulton Nazarboyev va Qozog‘istonni keskin tanqid qilishga o‘tdi?
Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atamboyev 7 oktabr kuni o‘tkazilgan davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimida yana bir bor qo‘shni Qozog‘iston mamlakati va prezident Nursulton Nazarboyev faoliyatini tanqid qildi. Mamlakat rahbari rasmiy Ostonani 15 oktabr kuni Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlari jarayoniga aralashishda ayblagan. O‘z o‘rnida Qozog‘iston TIV rasmiy bayonot va protest xati bilan chiqib, «prezidentning ushbu so‘zlari yo‘l qo‘yib bo‘lmas» haqoratga aylanib borayotganini bildirdi.
Bu voqealar rivojini kuzatib borayotgan qozoq-qirg‘iz ziyolilar jamiyati ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini bildirib bormoqda. Masalan, mashhur qozog‘istonlik blogger Ulan Shamshet «hech bo‘lmaganda, qirg‘izlarda «saylov»lar bor»ligini ta'kidlagan. Shuningdek, u Almazbek Atamboyevning so‘zlarida, qanchadir miqdorda haqiqat borligiga shubha qilmasligini yozadi.
Muhokama maydoniga Olmaota shahrida joylashgan Xalqaro biznes akademiyasi professori Valixon Tuleshov ham qo‘shildi.
«Atamboyevning nutqiga e'tibor qilsak, unda ikki prezident o‘rtasida shaxsiy munosabatlardagi darz ketishlarga guvoh bo‘lamiz. Almazbek uchun Nazarboyev 1989 yildan beri yuqori lavozimni egallab o‘tirgan amaldor, Nursultonning qarashi bo‘yicha Atamboyev Qirg‘izistonning u ko‘rgan to‘rtinchi prezidenti hisoblanadi», deydi u.
Qozog‘istonlik siyosatshunos Marat Shibutov Atamboyev so‘nggi ikki yil davomida o‘zini erkin tutayotgani, xohlagancha ayblovlarni e'lon qilayotganiga urg‘u qaratgan. «Bu esa xalqaro munosabatlar maydonida ijobiy vaziyatni yaratmaydi», degan u.
«U saylovdan keyingi vaziyatdan xavotirda bo‘lishi tayin: Atamboyevning jinoiy javobgarlikka tortilib ketishi hech gap emas. Shuning uchun, prezidentlikka nomzodini qo‘ygan Sooronbay Jyeenbekovni qo‘llab-quvvatlash fonida boshqa nomzodlarni obro‘sizlantirishga urinmoqda», degan Shibutov.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ikki yil davomida Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti haqiqiy diplomatlarga xos bo‘lgan axloq qoidalaridan yiroqlashib, 4 marta qo‘pol nutq odobini namoyish etgandi. Shuningdek, Nursulton Nazarboyevning prezidentlikka nomzod Babanov bilan uchrashgani uning keyingi tanqidlariga sabab bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
16:30 / 13.12.2024
Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyev hayotiga oid ma’lumotlar maxfiylashtiriladi
18:42 / 30.08.2024
Nazarboyevning sobiq kelini odam o‘g‘irlashda ayblanib, 12 yilga qamaldi
22:01 / 16.08.2024
Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiuli qamoqdan ozod qilinadi
19:01 / 12.08.2024