Sport | 00:33 / 12.10.2017
16148
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xokkey klubi 2018 yoki 2019 yilda KXL a'zosi bo‘lishi mumkin

Foto: Fotolia

Toshkent sharafini himoya qiluvchi xokkey klubi Kontinental xokkey ligasida (KXL) yaqin ikki mavsum ichida paydo bo‘lishi mumkin, deb xabar beradi vaziyatga yaqin manbaga asoslanib, "R-Sport".

Ayni paytda KXLda 7 mamlakat - Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Latviya, Xitoy, Finlyandiya va Slovakiyaning jami 27 klubi ishtirok etmoqda.

Avvalroq, 2017/18 mavsumi yakuniga ko‘ra, ligani uchta klub tark etishi haqida xabar berilgandi. KXL direktorlar kengashi raisi Gennadiy Timchenko gapiga ko‘ra, liga "klublar reglamentiga mos bo‘lmagan jamoalardan voz kechadi va ularning o‘rnini sifatli, iloji boricha Yevropa klublari bilan to‘ldiradi".

Manbaning ta'kidlashicha, kelasi yoki 2019/20 mavsumida ligani to‘ldirishi mumkin bo‘lgan klub Toshkent sharafini himoya qilish ehtimoli bor. Ma'lumki, shu yilning yanvar oyida O‘zbekiston poytaxtida 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan "Humo Arena" muz saroyining qurilishi boshlab yuborildi. U 2018 yil kuzigacha barpo etilishi lozim.

"Humo Arena" ishga tushirilganidan so‘ng, unda "Binokor" klubi KXL o‘yinlarini qabul qilishi rejalashtirilmoqda. Klubning ligada ishtirok etish muddati muz saroyining ishga tushirilishi bilan bevosita bog‘liqdir.

Klubni moliyalashtirish bilan ayni paytda KXL hamkorlaridan biri hisoblanadigan ERIELL xalqaro neftservis guruhi shug‘ullanishi mumkin. ERIELL O‘zbekistonda ham faol ish olib bormoqda va uning egalari KXLda o‘zbek klubning paydo bo‘lishiga qiziqish bildirgan.

Avvalroq, Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) kongressida "Humo Arena"ning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonliklar kelasi yili, saroyning ochilishiga bag‘ishlab, IIHF shafe'ligida turnir o‘tkazish istagini bildirishdi.

Manbaning xabar berishicha, "Humo Arena"ning ishga tushirilish muddati aniq bo‘lgach, o‘zbekistonliklar va KXL o‘rtasida muzokaralar boshlanadi.

Mavzuga oid