O‘zbekiston | 16:15 / 13.10.2017
37664
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent ShIIBB Facebook foydalanuvchilarini javobgarlikka tortishni rejalashtirmoqda

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining o‘zbek segmentidagi, xususan Uzbek MDK kabi guruhlarida shu yilning iyul oyida Sergeli tumanida notanish qizga pichoq bilan jarohat yetkazgan jinoyatchiga 3 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. 

Muallifi noma'lum bo‘lgan xabarda jinoyatchi juda yengil jazo olgani ijtimoiy tarmoqlarda juda tez tarqalib, ko‘plab kishilarning bilib-bilmay keskin fikrlar bildirishlariga asos bo‘ldi. Muallif o‘zi yozgan ma'lumotni imkon qadar tarqatishda ko‘maklashishga chaqirgan va qandaydir choralar ko‘rishga chaqirgan. 

Skrinshot: Facebook

U dastavval Sergeli tumanida qizni pichoqlab ketilishiga oid voqeani yodga olib, jabrlanuvchi nomidan yozayotganini uqdiradi. So‘ngra, uning ta'biri bilan aytganda, ijtimoiy xavfli jinoyatchiga 3 yillik qamoq jazosi tayinlangani, ya'ni uni deyarli jazolashmaganini ta'kidlaydi. 

“Ayni vaqtda u mening hayotimga xavf solmoqda. Bizning hukumat qayoqqa qarayapti. U barchamiz uchun xavfli. Men adolat talab qilaman. Sizlardan iltimos, yana bir fojia yuz bermasdan avval, shu xabarni imkon qadar ko‘proq tarqatinglar!. Iltimos, e'tiborsiz qoldirmang! U avval ham shu kabi jinoyatni sodir etgani uchun sudlangan bo‘lgan. Buni shunday qoldirish mumkinmi, axir?”, - deydi jabrlanuvchi nomidan yozayotgan anonim kishi. 

Albatta, uning bu kabi “dod-voy”ini eshitgan hamda o‘z atrofida bo‘layotgan hodisalarga befarq bo‘lmagan har qanday kishi turli xayolga boradi. 

Nima uchun, shunchalik xavfli jinoyatchi ekan, sud hokimiyati mulozimlari, tergovchilar bu ishga qo‘l uchida qaradi, bu yerda korrupsiya alomati yo‘q emasmikan, degan turli savollar paydo bo‘la boshlaydi. Ko‘pchilik bilib-bilmay, adolat degan tushunchani bir tomonga yig‘ishtirib qo‘yib, aslida nima bo‘lganidan bexabar bo‘lgan holda, izohlar qoldirishgan. 

Ularning aksariyatini anchagina keskin fikrli ekanini ta'kidlash o‘rinli.

Skrinshot: Facebook
Skrinshot: Facebook
Skrinshot: Facebook

Ularning ayrimlari yengil jazo tayinlagan sudyani ayblashgan bo‘lsa, boshqalari Sergeli tuman IIB tergovchisini pora olganligini ta'kidlashdi. Ayrimlar hatto petitsiya imzolashga ham undashgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi bu holatni bee'tibor qoldirmagan. Bosh boshqarma jinoiy ish bo‘yicha barcha dalillarni qaytadan o‘rganib, ijtimoiy tarmoqdagi barcha gap-so‘zlar ularning xodimiga nisbatan bo‘hton-tuhmatdan boshqa narsa emasligini aniqlagan. Bu haqda 12 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Toshkent ShIIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi, deb yozmoqda NUZ.UZ.

«Sergeli tumani tergovchisi unga tuhmat qilgan fuqarolarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qildi. Biz murojaatni qabul qilib, tuhmat qilganlarni topib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishi uchun shahar prokuraturasiga topshirdik. Agar ular bizning xodim ayblanuvchidan qandaydir mukofot da'vo qilishar ekan, dalil keltirishsin. Bizning qonunchilikda tuhmat haqida modda bor. Foydalanuvchilar tergovchini poraxo‘rlikda ayblashdi. Biz esa, buning tuhmat ekanini isbotlash niyatidamiz», – degan Doniyor Toshxo‘jayev. 

ShIIBB rasmiy vakili iyul oyidagi voqeaga ham batafsil to‘xtalib, jurnalistlar e'tiboriga jinoiy ish yuzasidan olib borilgan surishtiruv chog‘ida aniqlangan ayrim jihatlar havola qilindi. Xususan, o‘sha kuni kafeda o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari qayd etgan lavhalar ko‘rsatildi. 

Voqea qahramonlari kafe videotasmasida ertalabki soat 9 lar atrofida paydo bo‘lishgan. Hodisaning o‘zi 10 ga yaqin ro‘y bergan. 

Alkogolli ichimlik ta'sirida bo‘lgan yosh qiz biroz o‘ziga kelishga qaror qilgan ko‘rinadi, shekilli, suv oqayotgan sug‘orish shlangini olib, suv oqimini duch kelgan tomonga sepa boshlaydi. U boshqa odamlarga aziyat yetkazishi mumkinligini esa, tabiiyki xayoliga ham keltirmaydi. Suv sepishga qiziqib ketgan qiz keyinroq umuman notanish kishini suvga pishadi. Bu vaqtda erkak kafe ichkarisida alkogolli ichimliklar xarid qilayotganini ko‘rish mumkin. Xaridor unga ho‘l ust-boshini ko‘rsatib, baqirib ketadi.

Bu orada qizga uning do‘sti yordamga keladi. Shu orada erkak cho‘ntagidan qayrilma pichoqni chiqarib, qizning orqa tarafiga jarohat yetkazadi. Jarohat uzunligi 6 – 7 sm atrofida bo‘lib, unchalik chuqur emasligi qayd etilgan.  

ShIIBB vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zR JK 277-moddasi 3-qismi, ya'ni bezorilik alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Sud 3 yil muddatga ozodlikni cheklash bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bu aybdor deb topilgan shaxsning kechki 20.00 dan tonggi soat 7.00 gacha doimiy yashash joyida bo‘lishi kerakligini, sprtli ichimliklar ichmaslikni, har doim uchastka noziri ro‘yxatidan o‘tib turishni va boshqa cheklovlarni nazarda tutadi. 

«Bu qarorni sudya qabul qildi. Hukm chiqarishdan avval esa, barcha dalillar qiyoslanadi, og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar o‘rganiladi. Jabrlanuvchi va ayblanuvchi shaxsiyati, jinoyatni sodir etishga nima sabab bo‘lgani o‘rganiladi», – dedi rasmiy vakil. 

ShIIBB boshlig‘i o‘rinbosari, shuningdek jinoyat sodir etilishidan avval kafening boshqa mijozlari va xodimlari qizni tinchlantirishga harakat qilmaganiga e'tibor qaratdi. 

Shu o‘rinda bir mulohaza. Ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi holatlarga doir fikr bildirishda jonbozlik ko‘rsatuvchilarning qarashlari kishini o‘yga toldiradi. Bu ham bo‘lsa, bilib-bilmay fikrlar bildirish, xulosa qilish o‘sha fikr bildirayotgan tomonning saviyasi naqadar ekanini namoyon etadi. Yuqoridagi holatda ham bir kishining yordam bering, deb yozgan xitobiga aksariyat foydalanuvchilar ayblanuvchi qolib, holatni xolis o‘rgangan sudya va tergovchilar sha'niga tuhmat qilishga jurt'at topishgan. 

Xolislikni, yordam qo‘li cho‘zishni da'vo qilganlarning birortasi aslida bu ko‘ngilsiz voqea nimadan kelib chiqqan ekan, deya so‘ramaydi, bu savolni berishni xayollariga ham keltirishmaydi. 

Vaholanki, video lavhalardan ko‘rish mumkinki, spirtli ichimlik ta'sirida bo‘lgan qizning o‘zida ham jiddiy xato bor. Aslida o‘z harakatlarini nazorat qila olmasligi bir yoqda tursin, go‘yoki u “maishat-kayf”dan rohatlanayotganida hech kim unga xalaqit qilishga haqi yo‘qdek, u xayoliga kelgan ishni qilishi mumkindek?! 

Endi esa, uning kimidir, nomini yozmagan “hamtovog‘i” qiz va pichoqlagan yigitga birinchi bo‘lib musht tushirganlarning hatti-harakatlariga huquqiy baho berishni insoniylik jihatdan xohlamagan tergovchini va barcha jihatlarni chuqur o‘rganib, yana ham keskin qaror chiqargan sudyani yomon otliq qilib o‘tiribdi...

Mavzuga oid