Light | 19:40 / 18.10.2017
32910
6 daqiqa o‘qiladi

O‘troq hayot tarzining 5ta asosiy salbiy asorati

Gipodinamiya — kamharakat hayot tarzi natijasida yuzaga keluvchi organizmning mushaklar faoliyatidagi zaiflashuv bo‘lib, u kasallik hisoblanmaydi. Shunday bo‘lsa-da, u millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. "Ortodoks" tibbiy portalida yozilishicha, gipodinamiya o‘lim sabablari bo‘yicha hatto chekishni ham ortda qoldirar ekan: 5,3 million kishi - gipodinamiyadan, 5 million kishi chekishdan. Bu bor-yo‘g‘i bir yillik ma'lumot.

BMT Yangiliklar markazi ma'lumotlariga ko‘ra, katta yoshli aholining uchdan ikki qismi jismoniy faollik yetishmovchiligidan aziyat chekar ekan. Shuni unutmaslik kerakki, bunday hayot tarziga amal qiluvchi odamlarda jiddiy kasalliklar rivojlana boshlaydi. Quyida ularning eng keng tarqalganlari haqida ma'lumot beriladi.

Varikoz

Vena tomirlarining varikoz kengayishi jahonda eng keng tarqalgan kasalliklar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. Undan oldin faqat - kariyes. 30 yoshdan oshgan deyarli har bir kishida u yoki bu ko‘rinishdagi varikozni aniqlash mumkin, faqat rivojlanish bosiqichida farq bo‘ladi.

Eng og‘ir bosqichlari (6ta) gormonal fon va tug‘uruq sabab ayollarda va kamharakat hayot tarzini olib boruvchi kishilarda uchraydi.

Inson uzoq vaqt davomida harakatsiz qolsa, oyoqlarning boldir va tovon mushaklari keragicha ishlamaydi va natijada tomirlar tonusining zaiflashuvi va qon yurishi susayishi  boshlanadi. Ilgari shu kasallikdan "tik turib ishlaydigan" kasb egalari (jarrohlar, sartaroshlar, o‘qituvchilar) aziyat chekishgan bo‘lsa, kompyuterlar paydo bo‘lishi bilan gipodinamiya global muammoga aylandi. Hatto "kompyuter varikozi" atamasi ham paydo bo‘ldi.

Qanday davolash mumkin? Eng yaxshi usuli doimiy harakat, shuningdek suzish - u qon tomirlari tonusini ko‘taradi, oyoqlarda qon aylanishini yaxshilaydi. Vena tomirlari kengayganda sklerozlash va lazer koagulyatsiyasi belgilanadi. Bunday muolajalar venalarning muammoli joylarini tuzatadi yoki umuman olib tashlaydi.

Prostatit

Varikoz eng avvalo ayollar kasalligi hisoblansa, prostatit (u bilan birga adenoma ham) - faqat erkaklarga xos bo‘lgan muammo. Ta'kidlash joizki, prostatit yil sayin "yosharmoqda". Bugungi kunda hatto 35 yosh va undan-da yosh  erkaklar ham prostatadan shikoyat qilib shifokorga murojaat qilishmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda hatto 25 yoshli erkaklar ham shu kasallikka yo‘liqmoqda. Kuchli jins vakillarining yoshi qancha katta bo‘lsa, u bilan kasallanish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi.

Ko‘pincha prostatit surunkali shaklga aylanib boradi. Bunga dastlabki bosqichlarda uni aniqlash qiyinligi sababdir. E'tibor berilmasa, kasallik ba'zan bepushtlik va prostata saratonigacha sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lishi bilanoq shifokorga murojaat qilgan ma'qul.

Qanday davolash mumkin? Prostatitning eng asosiy sabablaridan biri organizmda qon aylanishining buzilishi (gipodinamiya). Biroq darhol fitnesga kirishib, yarim kunni shunga bag‘ishlash bilan vaziyatdan chiqib bo‘lmaydi. Bunda jismoniy faollik davolash terapiyasini qo‘llab-quvvatlovchi, ta'sirni kuchaytiruvchi chora sifatida yordam beradi, terapiyaning o‘zi esa shifokor tomonidan belgilanishi shart.

Qabziyat

Kamharakat hayot tarzi va qabziyat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor. Faollikning yo‘qligi organizmning mushaklar tizimini zaiflashtiradi. Buning ustiga gipodinamiya tufayli ortiqcha vazn paydo bo‘ladi, qorin va bel sohasida vistseral yog‘ o‘sadi. Bularning bari natijasida qabziyat va ichak bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

Qanday davolash mumkin? Vaziyatdan chiqishning eng oddiy usuli - harakat qilishni boshlash. Shu bilan birga, kuniga kamida 2 litr gazlanmagan suv ichish.

Yurak-qon tomir kasalliklari

Zamonamiz kishisining oziq-ovqat olishi uchun ko‘p energiya kerak bo‘lmaydi. Supermarketga yetib olsa bo‘ldi. U yerda esa yeguliklar, yog‘lar, rang beruvchi bo‘yoqlar va h.k. Avvalgi ko‘ngilochar o‘yinlar o‘rnini qo‘lda pult bilan televizor oldida yotish egalladi. Bularning bari vaqti kelib yurak-qon tomir tizimi gipodinamiyasiga olib kelsa, ajablanishga hojat yo‘q. Undan keyin esa yurak xuruji, falaj, diabet va semizlikkacha ham oz qoladi. 

Qanday davolash mumkin? Yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining har bir turi alohida yondashuv va davolashni talab qiladi. Biroq shifokor qanday ko‘rsatma berishidan qat'i nazar, unga jismoniy faollikni ham  qo‘shishga to‘g‘ri keladi. Statistikaga ko‘ra, yurak xuruji natijasida hayotdan ko‘z yumganlarning 6 foizi, ikkinchi turdagi qandli diabet umriga zomin bo‘lganlarning 7 foizi va saratondan vafot etganlarning 10 foizi muntazam ravishda kardiofaollikka rioya qilgan taqdirda omon qolishi mumkin bo‘lgan. Kuniga 10 ming qadam me'yor hisoblanadi.

Osteoxondroz

Hozirgi avlodning o‘troq hayot tarzi mushaklar kuchi va tonusining bo‘shashishiga olib keladi, vaqti kelib suyak massasi kamayadi, bo‘g‘inlar va umurtqa pog‘onasi aziyat chekadi. Bularning bari osteoxondrozning rivojlanishiga turtki beradi. Vaqti-vaqti bilan yelkalar sohasida og‘riqlar paydo bo‘ladi, oyoqlarda ham og‘riqlar sezilishi mumkin.

Qanday davolash mumkin? Boshlang‘ich bosqichda - konservativ davolash yordamida: jismoniy mashqlar va gimnastika. Og‘ir holatlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.

Mavzuga oid