O‘zbekiston | 10:32 / 21.10.2017
6102
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi AQSh Kongressining muhim a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Oliy Majlis Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari bo‘yicha Qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi stafferlar - AQSh Senati va Vakillar Palatasi ijro apparatlari, shuningdek, AQSh Kongressining tegishli muhim qo‘mitalari mas'ul xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston-Amerika munosabatlarining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashishgan.

AQSh tomoniga O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi jarayoni va iqtisodiyot hamda sanoat rivoji sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

Ta'kidlandiki, O‘zbekistonda 14 ta erkin iqtisodiy zona yaratildi, u yerda 469 million dollarlik 62 loyiha amalga oshirildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga sentabr oyida amalga oshirgan tashrifi yakunlari, Nyu-York shahrida o‘tkazilgan biznes-forum doirasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.

Tomonlar Kongressdagi muhim qo‘mitalardan bo‘lgan va AQSh tashqi siyosatining Markaziy Osiyo kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etuvchi kongressmenlar hamda senatorlarning O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqishdi.

Muloqotda tomonlar BMTning din erkinligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahidning O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirgan tashrifi yakunlarini ko‘rib chiqishdi.

Mavzuga oid