AQShda tabiiy ofatlar oqibatlari bilan kurashish uchun 36,5 mlrd dollar ajratilishi tasdiqlandi
AQSh senati 24 oktabrdagi yig‘ilishida yaqinda mamlakatda yuz bergan dovullar va o‘rmon yong‘inlari oqibatida jabrlangan hududlarga yordam berish uchun 36,5 mlrd dollar ajratish qonun loyihasini qabul qildi. Bu qaror uchun aksariyat senatorlar ovoz berdi. Endi loyiha prezidentga imzo qo‘yish uchun topshiriladi.
Umumiy qiymatdan 18,7 mlrd dollari favqulodda vaziyatlar bo‘yicha federal boshqarma uchun mo‘ljallangan. Bu boshqarma Texas, Florida va Puerto-Rikoga yopirilgan dovullar oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanmoqda. Bu mablag‘lar shuningdek aholiga imtiyozli kreditlar berish uchun ishlatilishi mumkin. Yana 16 mlrd dollar uy-joyidan ayrilgan aholiga sug‘urta to‘lovlarini to‘lash uchun sarflanadi.
Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashayotgan o‘t o‘chirish xizmatlari 576,5 mln dollar olishadi. Qolgan 1,27 mlrd dollar mablag‘ esa Puerto-Riko aholisiga oziq-ovqat xarid qilish uchun sarflanadi.
Bu dovullardan jabrlanganlarga yordam berish haqidagi birinchi qonun loyihasi emas. Sentyabr boshida kongress Texas uchun 15,25 mlrd dollar ajratilishini tasdiqlagandi. Bu qonun loyihasi muhokamasi vaqtida demokrat senatorlar Tramp ma'muriyatini yuzaga kelgan inqirozni hal qilishda juda sekin harakat qilishda ayblashgandi.